O‘zbekiston | 22:14 / 13.11.2017
35750
7 daqiqa o‘qiladi

2 millionta elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari xarid qilinadi - Prezident qaroriga sharh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga sharh e'lon qilindi.

Elektr va gaz ta'minoti sohasidagi tizimli muammolarni samarali hal etmasdan turib iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini kengaytirish, ishchanlik faolligi va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, shuningdek, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish mumkin emas.

Shu munosabat bilan, keyingi yillarda respublikada elektr va gaz ta'minoti tizimining infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, energiya resurslari iste'molini hisobga olish va nazorat qilish samaradorligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ta'kidlash joizki, hozirgi kunda nazorat va hisobga olishning samarali tizimi mavjud emasligi sababli elektr va gaz ta'minoti korxonalari faoliyatida doimiy oshib boruvchi qarzdorlik yuzaga kelishiga, energiya resurslari yetkazib berishda muntazam uzilishlarga va tarmoq korxonalarining og‘ir moliyaviy ahvoliga olib kelgan ko‘plab jiddiy kamchiliklar to‘planib qolgan.

Elektr va gaz ta'minoti korxonalari nazoratchilarining harakatsizligi hamda ular o‘rtasida suiiste'molchilik holatlarining keng tarqalganligi yuzaga kelgan vaziyatning asosiy sabablari hisoblanadi. Qarzdorlikning yirik miqdori va uni undirish uchun zarur xodimlarning mavjudligiga qaramasdan, «O‘zbekenergo» AJ va «O‘ztransgaz» AJ korxonalari tomonidan yetarli darajadagi undiruv ta'minlanmagan.

Elektr uzatish liniyalari va gaz quvurlarini kompleks modernizatsiya qilish borasida yetarli ishlar amalga oshirilmagan.

Ko‘p yillar davomida energiya resurslari iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ENHAT) joriy etish bo‘yicha bir necha bor choralar ko‘rilgan bo‘lsada, mazkur yo‘nalishdagi hech bir loyiha yakuniga yetkazilmagan, bu, o‘z navbatida, energiya resurslari iste'molining haqqoniy hisobi va nazoratini tashkil etishga, shuningdek, talon-taroj holatlari va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga juda salbiy ta'sir qilgan.

Masalan, energiya resurslari abonentlari umumiy sonining atigi 2,6 foizi ENHATda ishlaydigan elektr energiyasini hisoblash uskunalari bilan jihozlangan, 40 foizi tashqi ta'sirdan himoyalanmagan eskirgan hisoblash uskunalaridan foydalanadi, 48 foizi ENHATga mos kelmaydigan turli modifikatsiyadagi hisoblash uskunalariga ega, shuningdek, 9,4 foizida energiya resurslarini hisoblash uskunalari mavjud emas.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish hamda energiya resurslari iste'moli sohasida boshqaruv, nazorat va hisobot tizimini, shuningdek, to‘lov intizomini tubdan yaxshilash maqsadida joriy yilda mazkur sohani tashkiliy-huquqiy takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qator qarorlari qabul qilindi.

Xususan, Majburiy ijro byurosi tashkil etilib, yuzaga kelgan vaziyatni jadal sur'atlarda yaxshilash bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilganligi, shu jumladan 2,6 milliondan ortiq turar va noturar obektlar inventarizatsiya qilinganligi, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ko‘plab huquqbuzarliklar aniqlanganligini ta'kidlash lozim.

Byuro huzurida energiya resurslari iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning, ijro ish yurituvining shaffofligi va tezkorligini, shuningdek, tegishli masalalar bo‘yicha idoralararo hamkorlik samaradorligini ta'minlovchi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi tashkil qilindi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan ENHATni yanada joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi komissiya tuzildi.

Ishchi komissiya tomonidan qator yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan respublikada ENHATni joriy etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralar jarayonida erishilgan kelishuvlarni amaliy ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, dastlabki bosqichda 2 million dona elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari, shuningdek, dasturiy ta'minot, qo‘shimcha asbob-uskuna, boshqa zarur texnika vositalari xarid qilinadi.

Shuningdek, yaqin kelajakda respublikada xorijiy kompaniya ishtirokida yuqorida ko‘rsatilgan hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni mahalliy ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Bir oy muddatda elektr uzatish liniyalari va gaz quvurlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha davlat dasturlari amalga oshirilishini, elektr va gaz ta'minoti infratuzilmasining amaldagi holatini, shaharlar va viloyatlar markazlarining ustuvorligini inobatga olgan holda hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni o‘rnatish jadvalini tasdiqlash rejalashtirildi.

Qarorga muvofiq, loyiha doirasida o‘rnatiladigan hisobga olish uskunalarining davlat ko‘rigi «O‘zstandart» agentligi tomonidan har 10 yilda amalga oshiriladi, hisobga olish uskunalarini davlat ko‘rigiga topshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish esa «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ va Byuro tomonidan ta'minlanadi.

Bunda iste'molchidan davlat ko‘rigidan, xizmat ko‘rsatish va boshqa ishlarni o‘tkazish uchun yechib olingan hisobga olish uskunasining o‘rniga zudlik bilan «O‘zbekenergo» AJ va «O‘ztransgaz» AJ mablag‘lari hisobidan boshqa ko‘rikdan o‘tgan hisobga olish uskunasi o‘rnatiladi.

Ta'kidlash kerakki, faqat oxirgi 2 yilda real ko‘rsatkichlarni yuqori darajada (20 foizgacha) buzib aks ettiradigan 24,4 million AQSh dollari qiymatidagi 410 mingdan ortiq eskirgan hisoblash uskunalari mamlakatga olib kirilgan.

Ushbu muammoni hal qilish maqsadida qaror bilan bundan buyon respublika hududiga loyihaning texnik parametrlariga mos kelmaydigan hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni olib kirish taqiqlandi.

Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning samaradorligi energiya resurslari iste'molini nazorat qilish va hisobga olish tizimini modernizatsiya qilish, ulardan oqilona foydalanish, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlarining o‘z vaqtida oldini olishni va umuman tarmoqni jadal rivojlantirishni ta'minlaydi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid