Jahon | 21:30 / 13.11.2017
32976
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyada ozod qilinganlar Chechenistonga yetkazildi. Ular orasida o‘zbekistonliklar bor

Foto: © RIA Novosti

Suriyadagi janglar davom etayotgan nuqtalardan qutqarilgan 41 kishi – 12 ayol va 29 bola 13 noyabrda kechki reys bilan Checheniston poytaxti Grozniyga yetkazildi. Bu haqda “RIA Novosti” axborot agentligi xabar berdi.  

Chechenistonga yetkazilganlar orasida O‘zbekistonning 2 nafar, Qozog‘istonning 5 nafar fuqarosi bor, qolganlar Rossiyaning Checheniston, Ingushetiya, Dog‘iston va Boshqirdistonidan. Ular Suriyadagi jangarilarning ayollari va bolalaridir.

Grozniyga olib kelinganlarning yaqinlari ularning oldilariga qo‘yilmayapti. Checheniston rahbari huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha kengash a'zosi Xeda Saratovaning aytishicha, yaqindagina asirlikdan ozod qilinganlar orasida silga chalinganlar ham bor. Guruhga Checheniston rahbarining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlaridagi vakili Ziyod Sabsabiy hamrohlik qilgan.

Chechenistonga yetkazilgan ayol va bolalar tibbiy tekshiruvdan o‘tganlaridan keyin yaqinlari bilan uchrashishi mumkin.

Sabsabiyning aytishicha, Chechenistonga keltirilganlar Suriyaning turli shaharlaridan jamlangan. “Kimdir Raqqada, kimdir Mayadinda bo‘lgan. Bu odamlar IShID nazoratidagi hududlardan o‘zlari chiqib kelishgan. Ular orasida 2 oylik bolalardan tortib 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ham bor”, deb aytdi Sabsabiy.

Uning aytishicha, Suriyadagi qaynoq nuqtalardan odamlarni olib chiqish borgan sari murakkablashmoqda. “Suriya shimoli-sharqida ozod qilingan shaharlar hali to‘liq hukumat qo‘shinlari yoki kurd lashkarlari tomonidan nazorat qilinmayapti. Hanuzgacha ko‘plab terrorchi otryadlar qolmoqda, ular yakka holda harakat qilib, nafaqat rossiyaliklarni qutqarish bo‘yicha ishimizga xalal bermoqda, balki ayollar va bolalarga ular nazoratidagi hududlardan chiqishni taqiqlayapti”, deb qo‘shimcha qildi Sabsabiy.

Bu Suriyadan olib kelingan ikkinchi guruh bo‘ldi. 21 oktyarbda Suriyaning Xmeymim viloyatidan Grozniyga 22 kishi: 7 ayol va 14 bola olib kelingandi. Checheniston hukumati saytida ta'kidlanishicha, joriy yilning avgustidan shunday yo‘l bilan Yaqin Sharqdagi qaynoq nuqtalardan 90 nafarga yaqin ayol va bolalar uylariga qaytarilgan. 

O‘tgan haftada Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Suriyada ozod qilingan o‘zbekistonlik ayollar va bolalarni olib chiqib ketishga va'da bergandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid