Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
15 mingdan ko‘proq olim insoniyatga tahdid qilayotgan xavflardan ogohlantirishdi
184 ta davlatdan 15364 olim tomondan imzolangan murojaatda insoniyatga xavf solayotgan bosh tahdidlar sanab o‘tildi. “Insoniyatga ikkinchi bunday ogohlantirish” BioScience jurnalida chop etildi.
Olimlar sayyoramizning ekotizimiga xavf solayotgan bosh tahdid sifatida global isishni aytishgan. 1992 yildan beri dunyo bo‘yicha o‘rtacha havo harorati 0,5 gradusga ko‘tarilgan, karbonat angidridning yillik o‘rtacha chiqarilishi 62 foizga oshgan.
Chuchuk suv manbalari kamaygan, o‘rmonlar hududlari qisqargan va okeanda “o‘lik”, ya'ni kislorod kam bo‘lgan hududlar o‘lchami kattalashgan.
Mutaxassislar xlorftoruglerodlardan sekin-asta voz kechish ozon qatlamidagi yemirilishning qisqarishiga olib kelganini ijobiy baholashgan.
Olimlarning fikricha, oxirgi chorak asr davomida Yer aholisi 2 mlrd ga ko‘paygan. Bu orada qolgan sut emizuvchilar, sudralib yuruvchilar, baliqlarning populyatsiyasi 30 foizga kamaygan.
Olimlarning ta'kidlashicha, insoniyat tabiiy zaxiralardan nooqilona foydalanilayotgani va odamlarning tobora ko‘payib borayotgani bilan hisoblashmay, o‘z kelajagini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Murojaatda olimlar ekologiya sohasida keskin va qat'iy harakatlarni amalga oshirishga chaqirishgan. Jumladan, ular insoniyatning ekotizimga salbiy ta'sirini kamaytirishi mumkin bo‘lgan 13 chorani taklif qilishgan.
Ular insoniyatga tiklanuvchi energiyaga o‘tish, tug‘ilish ustidan nazorat o‘rnatish, zaxiralardan oqilona foydalanish va tabiatni qo‘riqlash, ko‘proq meva-sabzavotlar iste'mol qilish va boylik ortidan quvishni bas qilishni tavsiya qilishmoqda.
Bu ikkinchi shunday murojaatdir: birinchisi 1992 yilda yozilgan. O‘sha murojaatni 1,7 mingdan ko‘proq olim imzolagan. O‘shanda olimlarning tashvishlanishiga insoniyatning ta'siri oqibatida sayyoramiz biosferasining barbod bo‘layotgani sabab bo‘lgandi.
Mavzuga oid
23:51 / 19.05.2025
Olimlar jazirama va suv toshqinlarining yashirin xavfini aniqladi
23:35 / 07.05.2025
Olimlar ekstremal jaziramalarning asosiy aybdorlarini aniqladi
23:23 / 28.04.2025
Olimlar Yerni samolyotlar yordamida sovitish usulini topdi
22:00 / 27.04.2025