Jahon | 22:31 / 14.11.2017
19565
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya mudofaa vazirligi kompyuter o‘yinidan olingan skrinshotlar bo‘yicha izoh berdi

Foto: Reuters

Rossiya mudofaa vazirligi Suriyadagi Abu-Kamol shahrida AQSh boshchiligidagi koalitsiya va IShID jangarilarining o‘zaro harakatlari haqidagi bayonotiga xato, ya'ni kompyuter o‘yinidan olingan fotomateriallarni ilova qilgan xodimlardan biriga nisbatan tekshiruv o‘tkazmoqda. 

“AQSh qo‘mondonligining 9 noyabrda Abu-Kamoldan chekinayotgan jangarilarga zarba berishni rad etgani o‘zaro suhbatlar stenogrammalarida qayd etilgan real hodisadir va shu sababli AQShga yaxshi ma'lum”, deb aytilgan vazirlik xabarida.

Vazirlik avvalroq ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan xabarida kompyuter o‘yinidan skrinshotlar ishlatilganiga shu tariqa izoh berdi. Xabarda fotosuratlar 9 noyabrda Suriyada dronlar yordamida suratga olingani aytilgan. Birozdan keyin bu suratlar mudofaa vazirligining rasmiy akkauntlaridan o‘chirib tashlangan.

Avvalroq mudofaa vazirligi Suriyadagi Abu-Kamol shahrining ozod etilishida AQSh boshchiligidagi koalitsiya tomonidan IShID jangarilari qo‘llab-quvvatlanayotgani holati aniqlanganini ma'lum qilgandi.

Xabarda aytilishicha, jangarilar Rossiya aviatsiyasi va hukumat qo‘shinlari hujumidan qochib, Abu-Kamoldan ko‘p kilometrlik kolonna bo‘lib ketayotganlari dronlar yordamida qayd qilingan. Xabarda Rossiya qo‘shinlari AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga chekinayotgan jangarilarni yo‘q qilish bo‘yicha birgalikda harakat qilishni taklif qilgani aytilgan.

“Biroq amerikaliklar jangarilar ularga o‘z xohishlari bilan asir bo‘layotganlari va shu sababli ular bilan harbiy asirlar kabi munosabatda bo‘lish kerakligini vaj qilib qat'iy tarzda jangarilarga zarba berishdan bosh tortishgan”, deb aytilgandi Rossiya mudofaa vazirligi xabarida.

Mavzuga oid