Jamiyat | 14:05 / 14.11.2017
19330
9 daqiqa o‘qiladi

Texnologiyalarda milliardlab pul topayotganlar ro‘yxati tuzildi

Albatta bugungi kunda Mark Tsukerberg, Jyeff Bezos va Ilon Mask haqida eshitmagan kam topilsa kerak. Ammo Patrik Kollison, Devid Zalik yoki Lyusi Penni bilasizmi? So‘nggi vaqtlarda «texnologiya milliarderlari» safini ko‘plab yangi a'zolar to‘ldirdi. Ularning ko‘pchiligi haqida deyarli hech narsa ma'lum emas. Quyidagi ro‘yxatni tuzishda Forbes va Bloomberg Billionaires ro‘yxatlaridan foydalanildi. Ular texnologik sanoatning turli sohalarida faoliyat yuritadi va umumiy qiymati milliardlab dollarni tashkil etuvchi aktivlarga egalik qiladi. Demak, tanishing yangi texnologik milliarderlar avlodi. 

Outcome Health bosh direktori Rishi Shohning yoshi 31 da bo‘lishiga qaramay, 3,6 mlrd dollar boylikka ega. U asos solgan Outcome Health sog‘liqni saqlash sohasida texnologiya yechimlarini taklif qiladi. 

Foto: Rishi Shoh

Shifokorlar oilasida voyaga yetgan Shoh Outcome Health kompaniyasiga asos solish uchun Shimoli-G‘arbiy universitetdagi tahsilini to‘xtatdi. Kompaniya prezidenti hisoblangan Shradxa Agarval uning do‘sti va hammuassisdir. Outcome Health tibbiyot muassasalari uchun planshetlar va boshqa sensorli qurilmalarni sotadi. Shuningdek, shifokorlarga bemorlar bilan muloqot chog‘ida tashxis qo‘yish uchun yordam beradigan dasturiy ta'minotlarni taqdim etadi. Qurilmalarda reklamalar ham paydo bo‘lib turadi. 2017 yil may oyida Outcome Health qiymati 5,6 mlrd dollarga baholangan. Shoh kompaniyaning 80 foiziga egalik qiladi. 

Foto: Frenk Van

DJI Technology bosh direktori va asoschisi 37 yoshli Frenk Vanning boyligi 3,2 mlrd dollar. DJI Technology Xitoyning dronlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyasidir. DJI Technology uchuvchisiz uchuvchi qurilmalar keng tarqalmasdan avvalroq ularni ishlab chiqargan va sotish bilan shug‘ullangan. Endilikda bu katta biznesga aylandi. Goldman Sachs hisob-kitoblariga ko‘ra, 2016-2020 yillarda turli bozorlardagi xaridorlar dronlar xaridiga 100 mlrd dollarga yaqin mablag‘ sarflaydi. Bunda DJI kompaniyasining iste'mol va tijorat bozoridagi ulushi 70 foizga yaqinni tashkil etgan. Hongkong fan va texnika universiteti talabasi Van 2006 yilda kompaniyaga asos solgan. Shundan beri u bozor yetakchisi hisoblanadi. 2017 yilda Osiyoning eng yosh «texnologik» milliarderi bo‘ldi. 

Foto: Yan Kum

WhatsApp bosh direktori Yan Kum 41 yoshida 9,7 mlrd dollar boylikka ega. U asos solgan WhatsApp kompaniyasi xabarlarni almashuv xizmatini taklif etadi. Kum 16 yoshlik vaqtida onasi bilan Ukrainadan Mauntin-Vyuga ko‘chib kelgan. Oila ancha qashshoq yashagan. Agar ijtimoiy yordam bo‘lmaganida pul yegulikka ham zo‘rg‘a yetgan. Ammo katta sinfda o‘qiyotgan vaqtda Yan dasturlashni mustaqil ravishda o‘rgana boshladi. Bir necha yildan so‘ng uni Yahoo! kompaniyasi muhandis sifatida ishga yolladi. Oilaviy sharoitini yaxshilab olgan Kum kompaniyadan ketib, Facebook kompaniyasiga ishga kirishga uringan, biroq tanlovdan o‘ta olmagan. O‘shanda Kum va hamuassis Brayan Akton WhatsApp messenjer tarmog‘iga asos soldi. Dastlab do‘stlarga fikrlarni ulashish imkonini bergan ilova tez orada messenjerga aylandi. 2012 yili WhatsApp Facebook bosh direktori Mark Tsukerberg e'tiborini tortdi. Naq 2 yil davom etgan muzokaralar natijasida 2014 yili Tsukerberg WhatsApp kompaniyasini 22 mlrd dollarga xarid qilishni taklif qildi. Shundan buyon Facebook aksiyalari ham sezilarli qimmatlashdi. 

Foto: Brayan Akton

WhatsApp hammuassisi 45 yoshli Brayan Akton boyligi 6,7 mlrd dollar. Ayni vaqtda kompaniyani tark etgan Akton faoliyatining aksar qismida Kum bilan tandem hosil qilgan. Ular Yahoo! kompaniyasida ham birga ishlagan, birga Janubiy Amerikaga sayohat qilgan, birgalikda Facebook kompaniyasiga ishga kirmoqchi bo‘lgan. Biroq yaqinda u notijorat kompaniyasiga asos solish uchun Facebook va WhatsApp kompaniyalarini tark etdi.

Foto: Adam Neyman

WeWork kompaniyasi bosh direktori Adam Neyman 38 yoshda. Uning boyligi 2,6 mlrd dollar ekani aytiladi. WeWork kovorkinglar tarmog‘i hisoblanadi. Neyman 2001 yili Isroil armiyasida xizmat qilgach, AQShga ko‘chib o‘tdi. U Bruklinda bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish kompaniyasini tashkil etish ustida ishlayotgan vaqtda WeWork g‘oyasi kelgan. U bo‘sh yotgan bino egasini uni ijaraga topshirishga rozi qilgan, shundan so‘ng ilk kovorking kompaniyasi — GreenDesk firmasiga asos solgan. Biroq 2010 yili Neyman va uning hammuassasi Migel Makkelvey GreenDesk kompaniyasidagi ulushini sotib, WeWork kompaniyasiga asos solishgan. Bugungi kunda WeWork kovorkinglari mamlakatning 40 shahrida joylashgan. Yaqinda Softbank kompaniyaga 3 mlrd dollar sarmoya kiritdi. Shundan so‘ng, uning qiymati 21 mlrd dollarga baholana boshlandi. 

Foto: Devid Zalik

GreenSky bosh direktori Devid Zalik 43 yoshida 2 mlrd dollar mablag‘ga ega. Kompaniya moliyaviy texnologiyalar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. 4 yoshida Isroildan Alabamaga oilasi bilan ko‘chib kelgan Zalik vunderkind bo‘lgan. U 13 yoshida o‘rta maktabga kirish o‘rniga kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, Obern universiteti talabasi bo‘ldi. Biroq bir necha yil o‘tgach Zalik o‘qishni tashlab, o‘zining ilk kompaniyasiga asos soldi. MicroTech kompyuterlar yig‘ish bilan shug‘ullandi. 1996 yili u o‘z biznesini sotib yubordi va bir necha omadsiz loyihalardan so‘ng GreenSky firmasiga asos soldi. U kichik korxonalarga xizmatlarini kreditlarda to‘lashga yordamlashadi. 2014 yili Capital One asoschilaridan biri Nayjyel Morris GreenSky firmasiga noma'lum miqdorda sarmoya kiritdi. O‘sha yili venchur investorlari, xususan TPG, — firmaga qiziqish bildirib, GreenSky aksiyalarining 17 foizini xarid qildi. Shu bilan uning qiymati 1,8 mlrd dollarga yetdi. 2016 yili kompaniyaga Fifth Third sarmoya kiritdi. 

Foto: Stripe kompaniyasi prezidenti Jon va ijrochi direktori Patrik Kollison

Stripe kompaniyasi prezidenti Jon va ijrochi direktori Patrik Kollison aka-uka. Jon 27 yoshda, akasi Patrik 29 yoshda bo‘lishiga qaramay, har biri  1,1 mlrd dollarga teng boylik egasi. Stripe onlayn to‘lovlar platformasi hisoblanadi. Jon kompaniyasi prezident bo‘lib, hammuassis hisoblanadi. Patrik esa bosh ijrochi direktor va hammuassisdir. Aka-uka Kollisonlar Markaziy Irlandiyaning kichkina qishlog‘ida voyaga yetdi. Ular yoshligidan dasturlashga qiziqishgan. Ular o‘zaro musobaqalashib ham turishgan. Patrik 16 yoshida maktabni tugatib Massachusets texnologiya institutiga o‘qishga kirgan. Bir necha yildan so‘ng ukasi Jon ham uni ortidan AQShga bordi va Harvardga o‘qishga kirdi. 2009 yili aka-ukalar o‘qishni tashlashdi va Kremniy vodiysiga yo‘l olishdi hamda Stripe kompaniyasiga asos solishdi. Bugungi kunda Stripe mijozlari orasida Lyft, Best Buy va Google kabi kompaniyalar bor. 2016 yil noyabr oyida kompaniya 9,2 mlrd dollarga baholangan holda 150 mln dollar sarmoyani jalb qildi. Bu esa aka-ukani milliarderlarga aylantirdi. 

Foto: Lyusi Pen

Ant Financial ijrochi direktori Lyusi Pen 44 yoshda. Uning boyligi 1,14 mlrd dollar. Ant Financial mobil to‘lovlar xizmatini taqdim etadi. Direktorlar kengashining ijrochi raisi bo‘lgan Pen Alibaba kompaniyasining 18 nafar hammuassisidan biridir. U o‘z faoliyati davomida kompaniyadagi turli lavozimlarni egallab keldi. Bir vaqtlar AliPay direktori ham bo‘ldi. Keyinroq Alibaba AliPay mobil to‘lov tizimini ajratib chiqardi va Ant Financial nomi ostida mustaqil kompaniyaga aylantirdi. Pen esa kompaniya rahbarligida qoldi. Yaqinda Ant Financial 74,5 milliard dollarga baholandi. 2017 martida Pen birinchi marta Forbes milliarderlar ro‘yxatiga kiritildi. 

Foto: Satosi Nakamoto

Bitkoinni ishlab chiqqan Satosi Nakamotoning yoshi, qaysi kompaniyada ishlashi, lavozimi, boyligi noma'lum. Bitcoin muallifi Satosi Nakamoto sirli inson yoki ishlab chiquvchilar guruhining nomi bo‘lishi ehtimoli katta. Bu ism-sharifga doir ko‘plab taxminlar bildirilgan bo‘lsa-da, hech biri tasdig‘ini topganicha yo‘q. 

Mavzuga oid