Jahon | 10:11 / 17.11.2017
30475
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Saudiya Arabistoni podshohi iste'foga chiqishga tayyorlanmoqda

Foto: AP

Saudiya Arabistoni podshohi 81 yoshli Salmon Bin Abdul Aziz Ol Saud kelasi hafta iste'foga chiqishni va taxtni o‘z o‘g‘li – shahzoda Muhammad bin Salmonga topshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Britaniyaning Daily Mail gazetasi podshohlik oilasiga yaqin manbaga tayangan holda xabar tarqatdi.

"Podshoh Salmon kelasi hafta o‘z o‘g‘li Saudiya Arabistoni podshohi bo‘lishi haqida ma'lum qiladi", - deb yozmoqda nashr.

Nashrning iddao etishicha, podshoh davlat ishlaridan chetlashadi, biroq o‘zining faxriy unvonlarini saqlab qoladi. Mamlakatdagi barcha hokimiyat esa 32 yoshli valiahd shahzodaga o‘tadi, u noyabr boshida korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kampaniyani boshladi. Eslatib o‘tamiz, o‘shanda bir kunning ichida 40 dan ortiq shahzoda va bir necha amaldagi vazirlar hibsga olingandi.

Nashr suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, Muhammad bin Salmon podshohlikda barcha hokimiyatni o‘z qo‘liga olgach, bor e'tiborini Eronga qaratadi – Saudiyaning mintaqadagi eng asosiy raqibiga. Harbiy mojaro ham istisno etilmayapti.

Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, podshoh Salmon taxtni o‘g‘liga bermoqchi ekani haqida xabarlar o‘tgan hafta ham paydo bo‘lgandi. Biroq saudiyalik yuqori mansabli amaldorning Bloomberg News’ga ma'lum qilishicha, "podshohning taxtdan voz kechishi umuman yuz bermaydi".

U podshoh Salmon "ajoyib" jismoniy holatda ekanini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

Mavzuga oid