Toshkentda miting uyushtirgan ayollar bilan nimalar yuz berdi?
Joriy yilning 4 iyun kuni Toshkent shahrida joylashgan «Xalqlar do‘stligi» istirohat bog‘i (sobiq «Bobur») atrofida Jasurbek Ibrohimov ishini haqqoniy tergov qilinishi so‘rab bir necha o‘nlab kishilar mitingga yig‘ilgandi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu miting tashkilotchisi, ijtimoiy tarmoqda Irina Zaydman taxallusida yozuvchi Irina Shoxnazarova aholini mitingda ishtirok etishga undash orqali huquqbuzarlik holati sodir etgani aniqlangan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Kun.uz muxbiriga xabar berdi.
«Rasmiy hokimiyat tomonidan ruxsat etilmagan mitingni uyushtirgan Irina Shoxnazarova aholini ushbu harakatga bevosita jalb etgani aniqlandi. Shoxnazarovaning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 201, 202 moddasi, ya'ni «Ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish» hamda «Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish»alomatlari topilgan bo‘lib, unga nisbatan Yakkasaroy tuman sudi tomonidan 15 noyabr kuni 15 kunlik ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, Irina Shoxnazarova eng kam oylik ish haqining 50 barobari (7,84 mln so‘m) qiymatida jarimaga tortilgan», deydi Doniyor Toshxo‘jayev.
Uning aytishicha, Irina aholini norasmiy, sanksiyalashtirilmagan tadbirga chiqishga undagan, miting o‘tkazish vaqti hamda joyini belgilagan, Mariya Legler taxallusida ijtimoiy tarmoq faoli - Mariya Golovko esa miting ishtirokchilarining imzosi to‘plash uchun oldindan murojaat xatini tayyorlagan va bosib chiqargan.
«Mariya Golovkoga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik kodeksi 201, 202 moddalari bilan javobgar, deb topilgan. 10 noyabr kuni sud Mariyaga nisbatan 10 kunlik ma'muriy qamoq jazosini tayinlagan. Shuningdek, Mariya Golovko eng kam oylik ish haqining 60 barobarida jarima to‘lashga majbur», deydi boshliq o‘rinbosari.
Toshxo‘jayev ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan noto‘g‘ri ma'lumotlarga oydinlik kiritib, ushbu ikki ayolning huquqbuzarligi yuzasidan sud ochiq tartibda, advokatlar ishtirokida o‘tganini, ayollar qilmishini tan olib, sud oldida ko‘rsatma berganini aytadi. Ayollar ayni vaqtda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Reabilitatsiya markazida saqlanmoqda.
«Tergov muddati juda uzoq bo‘ldi. Biz aynan mitingni kim uyushtirganiga oid dalillarni topib, huquqbuzarlik holatini o‘rnatishimiz kerak edi. Va nihoyat, aniq isbotlar bilan Yakkasaroy tuman sudi ochiq sud majlisida ikki ishni ko‘rib chiqdi», deydi Toshkent shahar IIBB, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Toshxo‘jayev.
Uning aytishicha, «biz huquqiy rivojlangan jamiyatni qurmoqdamiz. Bu jamiyatda barcha qonun oldida teng, har qanday miting va ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun o‘rnatilgan tartibda ruxsatnoma talab etiladi».
Mavzuga oid
18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
13:40 / 21.10.2024
Tbilisida Yevropa tarafdorlari mitingida o‘n minglab kishilar qatnashdi
07:54 / 31.07.2024
Venesuela muxolifati saylov yakunlari bo‘yicha yangi mitinglarni va’da qilmoqda
16:59 / 15.07.2024