Jahon | 18:15 / 19.11.2017
17151
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonning eng mashhur aviakompaniyasida kutilmagan voqealar ketma-ketligi kuzatilmoqda

Foto: AFP/Scanpix

IndiGo aviakompaniyasi 11 yil oldin tashkil topgan bo‘lishiga qaramay, Hindistonda o‘z sohasida yetakchilik qilishga muvaffaq bo‘lgan. Tashuvchi mamlakat bozorining uchdan bir qismidan ortig‘ini egallaydi va bir necha marotaba Markaziy Osiyodagi eng yaxshi aviakompaniya sifatida e'tirof etilgan. Biroq 2017 yilning noyabri aviakompaniya uchun omadsiz kelmoqda: u bir necha marta piar-mojarolarga aralashib qolishga ulgurdi, boz ustiga samolyotlarga ham nimadir bo‘lmoqda.

Barchasi 4 noyabrda badmintonchi Pusarla Venkata Sindxu Tvitterda aviakompaniyani tanqid qilgandan so‘ng boshlandi - sportchining so‘zlariga ko‘ra, IndiGo xodimlari unga qo‘pol muomalada bo‘lishgan. Aviakompaniyada mashhur sportchidan (Sindxu - Olimpiadaning kumush medaliga sazovor bo‘lgan hindistonlik yagona ayol) uzr so‘rash o‘rniga, sportchining o‘zi aybdor ekanligini aytishgan: u reysga kech qolayotgandi, sumkasi esa qo‘lda tashish uchun haddan tashqari katta bo‘lgan. 

Uch kundan keyin internetda IndiGo xodimlarining yo‘lovchiga qo‘l ko‘tarayotgan videosi paydo bo‘ldi. Ular qandaydir sabablarga ko‘ra yo‘lovchini samolyotga elituvchi avtobusga qo‘yishni istashmagan, yo‘lovchi esa qanday bo‘lmasin, avtobusga kirishga uringan. Oxir-oqibat, IndiGo xodimlari uni asfaltga qulatishgan.

Video tarqalib ketgandan so‘ng aviakompaniya rasman uzr so‘ragan - biroq kech bo‘lgandi. Tvitterda tashuvchini tanqid qilishga yo‘naltirilgan mem va hazillardan iborat  #boycottIndiGo kampaniyasi boshlab yuborilgandi. Yo‘lovchiga qilingan hujumni videoga olgan aviakompaniya ishchisining ishdan bo‘shatilgani haqida ma'lum bo‘lganidan so‘ng IndiGo yanada katta tanqidga uchradi. 

13 noyabr kuni Lakxnau aeroportida IndiGo xodimlari nogironlar aravachasidagi yo‘lovchiga ko‘maklashayotib, uni to‘satdan yiqitib yuborishdi. Kompaniyada aeroport xizmati ayblangan: ma'lum bo‘lishicha, aynan IndiGo vakillari qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yishgan. 

Bundan tashqari, aviakompaniya xodimlarining xatti-harakatiga bog‘liq bo‘lmagan yana ikki voqea ro‘y berdi. 14 noyabrda 150 yo‘lovchini o‘z ichiga olgan laynerning Vishakxapatnam aeroportidan parvozi so‘nggi daqiqalarda bekor qilindi, bunga uchish yo‘lakchasiga to‘ng‘izning paydo bo‘lgani sabab bo‘ldi, natijada reys uch soatga kech qoldi. 

Ikki kundan keyin 134 nafar yo‘lovchini o‘z bortiga joylashtirgan samolyot parvozni amalga oshirishi bilan aeroportga qaytishga majbur bo‘ldi, bunga laynerning qushlar bilan to‘qnashuvi sabab bo‘lgan. 

Tabiiyki, voqealar soha bozoriga ta'sir ko‘rsatmay qolmagan. 1-15 noyabr oralig‘ida kompaniya aksiyalari 7 foizga pasaygan, oktabr oyida esa, aksincha, ularning narxi oshayotgan bo‘lgan.  

Mavzuga oid