Jahon | 17:00 / 20.11.2017
12054
2 daqiqa o‘qiladi

Mugabelarning mulki musodara etilishi mumkin

Foto: AP

Zimbabve harbiy qo‘mondonligi va “Zimbabve Afrika milliy ittifoqi – Vatanparvarlik fronti” hukmron partiyasi a'zolari Robert Mugabe oilasiga tegishli mol-mulk hamda aktivlarni musodara qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Times gazetasi xabar berdi.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Mugabening qarindoshlari oq fermerlardan egallab olingan juda katta yer maydonlariga egalik qiladi. Shu bilan birga, prezidentning rafiqasi Greys bu yerlarning katta qismiga Zimbabve banklaridan olingan kreditlar yordamida yirik mablag‘larni yo‘naltirgan. Fermalar mahsuloti esa mamlakat supermarketlarida keng taqdim etiladi, deb ta'kidlamoqda gazeta. Biroq bo‘lajak ma'muriyatda bu yerlarni davlatga qaytarish uchun asos bor, sababi ular 2005 yilda davlat mulki sifatida e'lon qilingan.

Mugabega tegishli bo‘lgan boshqa aktivlar orasida bolalar uyi hamda ikkita xususiy maktab bor, ular “saxovatpesha odamlar tomonidan moliyalashtirilgan”. Hukmron partiyaning yuqori mansabli ko‘plab a'zolari esa u yerga o‘z farzandlarini yuborishgan va shu tariqa hukmron oilaga o‘z sodiqliklarini bildirib qo‘yishmoqchi bo‘lishgan.

Bundan tashqari, Mugabelar oilasi Harare shimolidagi bir nechta hashamatli uyga egalik qiladi. Ulardan birida naq 25 ta yotoqxona bor. U yerda vertolyot qo‘nishi uchun joy ham qurilgan bo‘lib, maxsus bog‘ va ikkita ko‘l barpo etilgan. Shuningdek, Greys Mugabe yarim yil muqaddam Yohannesburg yaqinidan 3,17 mln. dollarga yana bir hashamatli uy sotib olgan.
 

Mavzuga oid