Jamiyat | 10:48 / 22.11.2017
27098
2 daqiqa o‘qiladi

Erkak 9-qavatdan yiqilib tushgan ayolning hayotini saqlab qoldi (video)

Chili poytaxti Santyagoda gaitilik muhojir ko‘p qavatli binoning 9-qavatidan tushib ketgan ayolni qutqarib qoldi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda. 

Ayol 9-qavatdagi xonadonning tashqari tomonidan balkoni chetidagi to‘siqqa osilib turgan. Nashr ayol bu vaziyatga qanday tushib qolganini ma'lum qilmagan. Pastda esa odamlar to‘planib, ushbu holatni tasvirga olishni boshlashgan.

Chiliga 3 yil avval kelgan gaitilik Richard Jozef avtobusdan tushganda ayolning osilib turganiga ko‘zi tushgan. “Avval men telefonni olib qolganlar kabi voqeani suratga ola boshladim. Biroq keyin bunday qilish yaramasligini angladim. O‘shanda men ayolga qanday qilib yordam berish mumkinligini o‘ylay ketdim. Men uning yiqilishini yumshatishga harakat qilib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Men ayol boshi bilan yerga urilmasligini istagandim. Aslo uning hayotini qutqarib qolaman deb o‘ylamagandim”, deb eslamoqda voqeani erkak.

Jozef mushkul holatda qolgan ayol qayerga tushishi mumkinligini chamalab, o‘sha yerga qo‘llarini oldinga cho‘zgancha turib olgan. Ayol yuqoridan qulaganda shundoq Jozefning qo‘liga tushgan. Zarba kuchidan ularning ikkisi ham jarohat olganlar, biroq tirik qolganlar. Ayol og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan, Jozef esa tizzasi, tovoni va qo‘llarini shikastlab olgan.

Chililik sahovatpesha Leonardo Farkas Jozefning davolanishiga 2 mln chili pesosi (3 ming dollar) berishga va'da bergan.

Mavzuga oid