Jahon | 07:00 / 23.11.2017
13618
3 daqiqa o‘qiladi

8 ming kishining qatlida ayblangan serb qo‘mondoniga jazo tayinlandi

Sobiq Yugoslaviya bo‘yicha xalqaro tribunal bosniyalik serblar armiyasining sobiq qo‘mondoni Ratko Mladichni umrbod qamoq jazosiga mahkum qildi. Mladich genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etishda aybdor deb topildi.

Serb Respublikasi armiyasining sobiq qo‘mondoni Mladichga 1995 yilda Srebrenitsada 8 ming musulmonning ommaviy qatl etilishini tashkillashtirish aybi qo‘yilgan. Bundan tashqari, sud Sarayevoning 43 oy davomida qamal qilinishi bilan bog‘liq holda Mladichni insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etish va urush olib borishning qoidalari va an'analariga rioya qilmaslikda aybdor deb topdi. Sarayevoning qamal qilinishi vaqtida o‘qqa tutishlardan 11 ming tinch aholi halok bo‘lgandi. 

Umumiy holda Mladichga 11 ta band bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Barcha jinoyatlar sobiq Yugoslaviyada fuqarolik urushi borgan 1992-1996 yillarga taalluqlidir.

Mladich ayblovning birorta bandi bo‘yicha aybini tan olmadi. Mladich advokatlarining ta'kidlashicha, serb qo‘shinlari va ularga ittifoqdosh harbiy tuzilmalar tomondan qotilliklar va etnik tozalashlar sodir etilishi uchun Mladichning javobgarligi “hech qachon aniq isbotlanmagan”. Ularning fikricha, Mladichga maksimal 15 yillik qamoq jazosi belgilanishi kerak. Mladich hukm ustidan shikoyat qilmoqchi.

Mladich 2011 yilda Serbiya shimolidagi Lazarevo qishlog‘ida qo‘lga olingan. Bungacha u 16 yil xalqaro qidiruvda bo‘lgan. Mladich qo‘lga olinishidan avval ikki oy kuzatuvda bo‘lgan. U qo‘lga olinganda Milorad Komadich psevdonimini qo‘llagan va tashqi ko‘rinishini hech ham o‘zgartirishga urinmagan. 

Mladich qo‘lga olingan kunining ertasigayoq Gaagaga ekstraditsiya qilingan. Uning ishi bo‘yicha sud jarayoni 2012 yil mayida boshlangan.

Mladichga qo‘yilayotgan asosiy jinoyat Srebrenitsada sodir etilgan xunrezlik hisoblanadi. Bu shahar aholisining aksariyat qismini musulmonlar tashkil etgan. Mladich boshchiligidagi qo‘shinlar shaharni qamalda ushlab turgan. Shahardagi tinch aholini evakuatsiya qilish uchun odamlarni ikki kolonnaga bo‘lib olib chiqishga qaror qilingan: ayollar va bolalar hamda 10 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan erkaklar. Erkaklar kolonnasi shahardan chiqishi bilanoq serb qo‘shinlari tomondan hujumga uchragan. Buning oqibatida 8 ming kishi halok bo‘lgan.

Mladich bilan birga insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etishda bosniyalik serblarning sobiq yetakchisi Radovan Karajich ham ayblangandi. 2016 yil martida u xalqaro tribunal qarori bilan 40 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan.

Mavzuga oid