Jahon | 08:50 / 23.11.2017
30617
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Saudiya Arabistonida hibsga olingan shahzodalar qiynoqqa solinmoqda

Saudiya Arabistonida noyabr oyi boshida hibsga olingan qirollik uyi a'zolari va tadbirkorlar AQShning xususiy harbiy kompaniyasi xodimlari tomondan qiynoqlarga solinmoqda. Bu haqda Daily Mail nashri ma'lum qildi. 

“Ularni kaltaklashmoqda, qiynashmoqda, haqoratlashmoqda. Ularni sindirmoqchilar”, deb ma'lum qilgan qirollikdagi manba nashrga.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu harakatlarni AQShning Academi xususiy kompaniyasi xodimlari amalga oshirishmoqda. “Hibsga olinganlar ushlab turilgan mehmonxona tashqarisida Saudiya maxsus xizmatlarining zirhlangan mashinalarini ko‘rish mumkin, biroq ichkarida harbiy kompaniya harakat qilmoqda”, deb ma'lum qilgan manba.

Maqolada nomi tilga olingan kompaniya qiynoqlarga aloqasi yo‘qligini, bunday harakatlar AQSh qonunchiligi bilan taqiqlaganini ta'kidlagan. “Biz Saudiya Arabistoni qirolligida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatmaymiz, biz ular bilan aloqaga kirmaganmiz va birorta ham rasmiy shaxs yoki xususiy tomon bilan aloqaga ega emasmiz”, deb aytgan kompaniya vakili.

Bu orada gazetaning ta'kidlashicha, shahzodalar hibsga olinishiga olib kelgan aksilkorruptsion kampaniya tashabbuschisi bo‘lgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning shaxsan o‘zi so‘roqlarda ishtirok etmoqda. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, u hibsga olinganlardan 194 mlrd dollar musodara qilgan.

5 noyabrga o‘tar kechasi Saudiya Arabistonining korrupsiyaga qarshi kurashish oliy qo‘mitasi 11 shahzoda va 30 ga yaqin amaldagi va sobiq vazirlar va tadbirkorlarni korrupsiya ayblovi bo‘yicha hibsga olishga izn bergan. Yangi qo‘mita valiahd shahzoda farmoniga ko‘ra tashkil etilgan. Keyinroq hammasi bo‘lib 208 kishi hibsga olinib, so‘roq qilingani ma'lum qilingan.

Mavzuga oid