Jahon | 14:42 / 26.11.2017
17105
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda “Gazel” mikroavtobusi va teplovoz to‘qnashishi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatidagi temir yo‘l o‘tish joyida “Gazel” mikroavtobusi va teplovoz to‘qnashishi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 26 noyabrda Janao‘zen shahri prokuraturasiga iqtibos keltirgan holda lada.kz portali ma'lum qildi

“Prokuratura tomondan yo‘l-transport hodisasida 36 kishi jabrlangani o‘rnatildi. Ulardan 9 nafari halok bo‘lgan, 27 nafari shifoxonaga olib borilgan. 8 kishi og‘ir ahvolda bo‘lib, jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Ular orasida 3 bola bor”, deb ma'lum qilingan xabarda.  

YTH 25 noyabrda yuz bergan. Janao‘zendan Tenge qishlog‘iga yo‘nalayotgan “Gazel” mikroavtobusi temir yo‘l o‘tish joyida teplovoz bilan to‘qnashib ketgan. Ma'lum qilinishicha, teplovoz mashinisti 60 km/soat tezlik bilan harakatlanayotganda temir yo‘l izida turgan mashinani ko‘rib, favqulodda tormozlashni amalga oshirgan. Biroq to‘qnashuvdan qochishning iloji bo‘lmagan.  

Ta'kidlanishicha, temir yo‘l o‘tish joyidagi signalizatsiya qurilmasi soz holatda bo‘lgan. Ushbu YTH yuzasidan Qozog‘iston jinoyat kodeksining “Transport vositalarini boshqarayotganlar tomondan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi” moddasi bo‘yicha tergov boshlangan.

Mavzuga oid