O‘zbekiston | 23:38 / 28.11.2017
7505
4 daqiqa o‘qiladi

Firdavs Abduxoliqov: O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan tadbirlar xorijda ham o‘tkaziladi

Foto: KUN.UZ

Bugun, 28 noyabr kuni Toshkent shahrida  “O‘zbekiston madaniy merosi” multimedia loyihasi doirasida “Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi – ma'rifatli kelajak poydevori” mavzuidagi Xalqaro media-forumiga start berildi. 

Tadbirning birinchi kunida dunyo ilm-fanining yetuk namoyondalari, muzey, kutubxona, ilmiy institut va xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda mahalliy olim va ekspertlar ishtirok etishdi. 

Shu o‘rinda, o‘quvchilarda odatiy bir savol tug‘ilishi tabiiy: Bu loyihani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? Uning jahonga O‘zbekiston nomini yanada ko‘proq tanitishdagi o‘rni va ahamiyati qanday? Kelajakda mazkur loyiha ostida yana qanday tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan? 

Kun.uz muxbiri shu savollarga javob olish maqsadida “O‘zbekiston madaniy merosi” multimedia loyihasining rahbari va muallifi, EOAVMAboshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqovga yuzlandi.

“Bu g‘oyaning muallifi - vaqt va O‘zbekiston boshidan kechirayotgan o‘zgarishlar hisoblanadi. Mazkur loyiha fuqarolik jamiyati institutlari, davlat tashkilotlari, media sohasi vakillari hamda dunyo hamjamiyati ekspertlarining sa'y-harakatlari birlashuviga  yaqqol misol bo‘la oladi. Bugungi kunda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar madaniy merosimizni ommalashtirish, O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini rivojlantirish nuqtai nazaridan juda muhimdir. Ushbu loyiha esa aynan mana shu maqsadlar yo‘lida xizmat qiladi. Chunki, bu tadbirlar orqali dunyo O‘zbekistonni yanada yaqinroq bila boshlaydi. 

Loyihaning yana bir muhim jihati – biz o‘z mamlakatini rivojlangan davlatlar darajasigacha ko‘tarishga shijoat bilan bel bog‘lagan O‘zbekistonlik yoshlar uchun ma'naviy ozuqa ulashamiz. Bu esa biz uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi”, deya qayd etdi Firdavs Abduxoliqov.

Loyiha muallifining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimiz madaniy merosini jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga qaratilgan bu kabi tadbirlar nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham tashkil etib boriladi. 

“Biz bu kabi taqdimotlarni xorij davlatlarida ham o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Joriy yilda O‘zbekistonning Rossiyadagi madaniyat kunlari doirasida Moskvada maxsus taqdimot marosimi tashkil etdik. Biz bu ko‘rgazmaga nafaqat Rossiya jamoat vakillari, balki Rossiyada faoliyat olib borayotgan O‘zbekistonlik yosh olimlarni ham taklif qildik. Bu kabi tadbirlarni kelgusi yilda ham o‘tkazishni maqsad qilganmiz. 

Bugungi aksiya orqali 2500 mingdan ortiq albomlarning jahon milliy kutubxonalariga tarqatilgani nafaqat xorijiy mamlakatlarning fuqarolari, olimlari  va tadqiqotchilari uchun, balki aynan shu mamlakatlarda yashaydigan yurtdoshlarimiz uchun ham juda muhimdir”, deya qo‘shimcha qildi loyiha rahbari.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid