O‘zbekiston | 22:30 / 28.11.2017
57439
5 daqiqa o‘qiladi

Paxtachilik tarmog‘i isloh qilinadi: tarmoq uchun yagona tashkilot tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni «Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.

Hujjatda paxtachilik tarmog‘idagi ishlarning haqiqiy ahvoli ishlab chiqarish jarayonlarini tezkor yangilash va modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalar va korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish, umuman tarmoqning jadal rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat berishi qayd etib o‘tilgan. 

Qarorga muvofiq «O‘zpaxtasanoat» va «O‘zpaxtaeksport» aksiyadorlik jamiyatlarini birlashtirish, shuningdek, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasini tugatish asosida paxtachilik tarmog‘i uchun mas'ul bo‘lgan yagona tashkilot – «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Yog‘-moy tarmog‘ini rivojlantirishning maqbul yo‘llarini belgilab olish maqsadida «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyati ushbu tizimdan ajratib chiqarildi. 

Yangi tashkil qilingan «O‘zpaxtasanoat» AJga qayta tashkil etilgan kompaniyalarning mol-mulklari, ularning davlat ulushlari, huquq va majburiyatlari bilan birga o‘tkazildi. «O‘zpaxtasanoat» AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning miqdori va shtatlar soni optimallashtirildi, shu bilan birga mavjud resurslardan yanada oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar tayyorlanadi. 

Qaror bilan paxtachilik tarmog‘ida ishlab chiqarish jarayonlarini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. 

Xususan, paxta xom ashyosini qabul qilish, to‘ldirish, saqlash va qayta ishlashning texnik vositalari va uslublari yaxshilanadi. Paxta tozalash korxonalari zamonaviy o‘lchov vositalari, laboratoriya uskunalari, paxta xom ashyosini qabul qilishda inson omilining rolini pasaytiradigan eng yangi axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi. 

Masalan, paxta tolasini paxta tozalash korxonasidan terminalga jo‘natishda uni ajratish tizimining mavjud emasligi sifat jihatdan turli xil mahsulotlarning yetkazib berilishiga sabab bo‘ladi, bu esa iste'molchilarning e'tirozlarini keltirib chiqaradi. Shu munosabat bilan, sifatni baholashning instrumental tizimlaridagi sinov natijalari asosida paxta tolasi toyining sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha paxta tolasini ketma-ketlikda raqamlash va ajratish tizimi joriy etiladi. Shu bilan mahsulotni hisobga olishning xalqaro uslublari amalga kiritiladi, paxta sifatini aniqlashga nisbatan sub'yektiv, asossiz yondashuv istisno qilinadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Sifat» paxta tolasini sertifikatlash markazining «O‘zstandart» agentligi tuzilmasiga o‘tkazilganligi boshqa muhim o‘zgarishlardan bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar 1,2 ming nafardan ortiq xodimi bo‘lgan «Sifat» markazi va 1,5 ming nafar xodimga ega «O‘zstandart» agentligi o‘zaro o‘xshash faoliyatni tashkiliy bo‘ysunuvsiz, mustaqil ravishda amalga oshirib kelgan. Standartlashtirish sohasida takroriylikning bartaraf etilishi paxta tolasi, paxta linti va texnik chigit kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish normativlari va talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta'minlaydi. 

Paxtachilik tarmog‘ida moliya intizomini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasiga paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatildi. 

Bundan tashqari, Davlat rahbari qarori bilan respublika paxtachilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta'minlash imkonini beradigan boshqa tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi. 

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori paxtachilik tarmog‘ida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni hal qilish imkonini beradi, ushbu sohadagi korxonalarni boshqarish tizimining samaradorligini tubdan oshiradi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid