Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi poyezd kechikishiga mas'ullarga choralar ko‘rildi
KUN.UZ saytida 28 oktabr kuni «Toshkentdan Andijonga otlangan poyezd 2 soatu 25 daqiqaga kechikdi. Ayb kimda yo nimada?» sarlavhasi ostidagi maqolada Toshkentning Shimoliy vokzalidan Andijon tomon yo‘lga tushgan poyezd o‘z vaqtida yo‘lga chiqmagani, manzilga esa kechikib yetib borgani haqida xronologik tarzda xabar berilgan edi.
Tahririyatga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamda «O‘ztemiryo‘lovchi» AJga saytda chiqqan material yuzasidan izoh talab qilgan.
Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish Qoidalari»ning 18-bandiga ko‘ra, tashuvchining xodimi yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaji jo‘natuvchilar va qabul qiluvchilarga nisbatan xushmuomala va iltifotli bo‘lishi, ularga g‘amxo‘rlik va e'tibor ko‘rsatishi, temir yo‘l transporti xodimlarining qay birining aybi bilan sodir etilganidan qat'i nazar, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilgan nuqsonlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi, zarur ma'lumotlar bilan yo‘lovchilar, yuk jo‘natuvchilar, yuk qabul qiluvchilarni o‘z vaqtida va ishonchli ta'minlashi kerakligi belgilab qo‘yilgan.
Shu qoidalarning 53-bandiga ko‘ra, barcha toifadagi yo‘lovchi tashish poyezdlarining yotoq joyli vagonlari, shuningdek, o‘tirish joylariga ega tezkor yo‘lovchi tashish poyezdlarining vagonlari kuzatuvchilari, yo‘lovchilarni ularning iltimosiga ko‘ra tashuvchi belgilagan narxlarda kuniga kamida uch marta choy bilan ta'minlashi kerak. Yo‘lovchi tashish poyezdining barcha yo‘lovchilari butun yo‘nalish davomida qaynatib sovutilgan ichimlik suvi bilan bepul ta'minlanishi belgilangan.
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJning iste'molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek maqolada ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bo‘yicha tushuntirish berishicha, poyezdning o‘sha kuni kechikishiga «Qizilto‘qimachi» stansiyasida hududida ta'mirlash ishlari olib borilayotgani va yo‘llar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, qishki mavsumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani sabab bo‘lgan.
2017 yil 27 oktabr kuni №60/59 «Toshkent–Andijon–Toshkent» yo‘nalishida ishda bo‘lgan poyezd boshlig‘i va vagon kuzatuvchilari o‘z xizmat yo‘riqnomasini, mehnat shartnomasi va ichki mehnat tartib-qoidalarini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasiga binoan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Poyezd boshlig‘i K.A. (ism-familiyasi tahririyatga ma'lum) egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Bunday holatlar kelgusida takrorlanmasligi uchun poyezd boshliqlari va vagon kuzatuvchilari o‘rtasida qo‘shimcha yo‘riqlar o‘tkazilmoqda, yo‘lovchilarga yo‘l davomida namunali xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda, deyiladi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ izohida.
Mavzuga oid
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
07:54 / 18.11.2024