Jamiyat | 12:30 / 30.11.2017
20660
5 daqiqa o‘qiladi

«Undan ko‘ra joy yo‘q deb qo‘yavering». Yoshlar Ittifoqi sarson qilishda davom etadi

Bundan avval Kun.uz saytida bir necha marta O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan tasdiqlangan logotip, ushbu unga mukofot sifatida sarflangan 10 million so‘m va tanlov haqida tanqidiy maqolalar e'lon qilingandi. Shunga qaramay, hanuzgacha bu masalaga oydinlik kiritishning imkoni bo‘lmadi.

Endilikda Ittifoq e'lon qilgan Yoshlar ittifoqi mukofoti ham kishini shubhaga solmoqda. Quyida ushbu «​tanlov»ga hujjat yuborishni istagan yosh jurnalistning boshiga tushganlari hikoya qilinadi.​

«​Tashkilotning (0371) 244 00 55 telefon raqamiga 15 noyabr kuni qo‘ng‘iroq qilib, Yoshlar ittifoqi mukofotiga nomzodlarning hujjatlari qay tartibda qabul qilinayotgani bilan qiziqdim. «...Men bu haqda to‘liq ma'lumotlarni bilmayman», degan YoI xodimi 95 170 90 27 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib savolimga javob olishim mumkinligini aytdi. Sim qoqdim... Afsus, «siz tergan raqam o‘chirilgan», javobinigina eshitdim, xolos.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan YoI markaziy kengashi xodimi Gulchehra Ashurovaga shaxsiy xabar yozdim. Mukofotga nomzodlar hujjatlarni qay tartibda topshirishi mumkinligi meni qiziqtirayotgandi. Hujjatlarni qabul qilish yakunlanishiga 10 kun qolgan bo‘lsada hali mukofot nizomi tasdiqlanmagani haqidagi javob xabari meni hayron qoldirdi.

Bir necha kundan so‘ng Yoshlar ittifoqining saytida kutilgan Nizom e'lon qilindi. Ammo unda aniq-tiniq qilib hujjatlarni qabul qiluvchi (yetkazib beruvchi, saralovchi) tashkilotlar ko‘rsatilmagandi.

O‘zbilarmonlik qilib O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasiga qo‘ng‘iroq qildim. «Xabarimiz yo‘q», deyishdi. Bo‘ldi-da, deb bariga qo‘l siltadim. Shu vaqtda viloyatda jurnalist bo‘lib ishlayotgan, hamkasblar, kursdoshlar orasida «o‘zi ham, qalami ham o‘tkir», deb tariflanadigan kursdoshim ham qo‘ng‘iroq qilib, Yoshlar ittifoqi mukofoti haqida so‘rab qoldi. U hujjatlarini menga yuborgani, ertaga olib YoIga olib borib topshirib qo‘yishimni iltimos qildi. Ikki kun kimga topshirish mumkinligini o‘ylab boshim qotdi. Shu vaqt ichida kursdoshim ham, men ham tanish-bilish jurnalistlardan aniq manzil va ma'lumotlarni so‘radik. Javob bitta bo‘ldi: «Bilmayman»!

23 noyabr. Kursdoshimning hujjatlarini olib Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi darvozasidan ilk bor xatladim. Eshik yonida turgan tengdosh yigit mening maqsadimni tingladi va «Fuqarolar qabulxonasi»ga yo‘naltirdi, u yerdagi mutaxassislar maqsadimni tinglab, hujjatlarni ko‘zdan kechirib, Devonxonaga yuborishdi, u yerdagilar «ikkinchi qavat, o‘ng qo‘ldagi ikkinchi eshik», deyishdi, o‘ng qo‘ldagi ikkinchi eshik ortidagi xodima maqsadimni tinglagach, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi orqali ularga hujjatlarimizni taqdim qila olishimiz mumkinligini «tushuntirdi».

Agentlikka qo‘ng‘iroq qilib bo‘lgan masalani aytdim «bizni bu haqda hech kim ogohlantirgani yo‘q, bizda nomzodlarning hujjati va ro‘yxati shakllantirilmayapti», yo‘sinida javob oldim. Shu topda futbol muxlislari uchun tanish bo‘lgan «Ana xolos!..» jumlasi tilimda ixtiyorsiz aylandi.

Bo‘lgan voqeani umidvor kursdoshimga yetkazdim, uning ham hafsalasi pir bo‘lib go‘shakni qo‘ydi.

... ertasi kuni tongda viloyatdan yana o‘sha kursdoshim qo‘ng‘iroq qilib ustoz jurnalistlarimizdan biridan yordam so‘ragani haqida iymanibgina ma'lum qildi. Hali to‘liq bu haqda xabardor emasligini aytgan agentlik xodimlarining biriga nomzodning hujjatlarini berib qaytdim hamki, meni bir savol o‘ylantirardi: yoshlar o‘rtasida anchayin qiziqish uyg‘otgan, nomdor, zalvorli mukofotga hujjatlarni qabul qilish tugashiga bir kun qolgan bo‘lsayu, nega hech bir tashkilot bundan boxabar emas. Nega nomzodlar ko‘chada o‘z ijodiy ishlari bilan sarson (YoI binosida men kabi sargardonlar ko‘pligining guvohi bo‘lgandim). Shu orada vazirliklarning ba'zi viloyatlardagi bo‘limlaridan ham ma'lumot so‘radik, ular ham bunday mukofotga o‘zlari nomzod yuborishi kerakligidan ogoh emas.

Lo‘nda qilib aytganda, gap ko‘p, o‘tin kam. To‘g‘ri emasmi?! Ha, aytgancha - Yoshlar mukofotiga hujjat topshirishga ulgurdingizmi?»​

Yo‘lovchi

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid