O‘zbekiston | 13:57 / 01.12.2017
9958
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mozori-Sharifda savdo uyini ochdi

Foto: O‘ztreyd

Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida 30 noyabr kuni «O‘ztreyd Mozori-Sharif» MChJ bazasida «O‘ztreyd» AJ shou-rumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. U yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning katta nomenklaturasi taqdim etiladi. Bu haqda «O‘ztreyd» SU axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish, shuningdek, eksport qilinayotgan mahsulot hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish maqsadida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning pechene, shokolad konfetlari, jyemlar, yong‘oqli shokolad pastalar, to‘yingan sharbatlar, antiseptik gellar, gilamlar va gilam mahsulotlari, hamda boshqa talabgir mahsulotlarini yetkazib berishni ta'minlash rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda, «O‘ztreyd» kompaniyasi tomonidan afg‘onistonlik sheriklar bilan 29,0 million dollardan ortiq miqdorda shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalar bo‘yicha 17,5 million dollarlik bug‘doy, 16 ming dollarlik sement, 2 ming dollarlik polipropilen qoplari yuklab jo‘natildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘aniy O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan 4 dekabr kuni kelishi ma'lum qilingandi. Bu haqda Afg‘onistonning respublikadagi elchixonasidan xabar berishgan. Elchixona ma'lumotlariga ko‘ra, tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid