Light | 13:08 / 02.12.2017
37204
7 daqiqa o‘qiladi

Ochlik hissini qanday yengish mumkin?

Foto: lifehacker

Zerikish va yomon kayfiyatdan uzoqlashing. Bu sizga umuman kerak emas. Quyidagi maslahatlarga rioya qilsangiz, sizni bo‘g‘irsoqlar va tovuq oyoqlarini tinimsiz orzu qilishdan xalos etadi. Biroq to‘laqonli to‘yimli taomlardan butunlay voz kechish kerak emas. To‘yib ovqatlanmaslik ham salomatlik muammolariga sabab bo‘ladi.

1. Bir stakan suv iching

Foto: uppa

Ba'zan chanqoqlik ochlik bilan niqoblanadi. Ishoralar o‘xshash bo‘lgani sababli, biz istagimizni adashtirishimiz mumkin. Shuning uchun dastavval xona haroratidagi suvdan iching. Agar suvning o‘zi og‘irlik qilsa, unga limon yoki ra'nogul qo‘shing. Kun bo‘yi bir idishda suv olib yuring. Suyuqlik oshqozoningizni to‘ldiradi va siz kamroq sendvichlar tanovul qilasiz. 

2. Tishlarni tozalang

Foto: getty images

Bu ham sizni biroz bo‘lsa-da, ochlik hissidan xalos etadi. Birinchidan ra'nogul hidi ishtahaning ochilishiga sabab bo‘lgan boshqa hidlarni ketkizadi. Ikkinchidan, tish pastasi tarkibidagi lauretsulfat natriy uning ko‘piklanishiga yordam beradi va shirinlik sezish retseptorlarni vaqtincha ishlatmaydi. Shu boisdan ham tish yuvilganidan so‘ng taom iste'mol qilinsa, taxirroq tuyuladi.

3. Saqich chaynang

Agar tish sho‘tkasi yoningizda bo‘lmasa, muqobilidan, ya'ni saqichdan foydalaning. Rod Ayland universiteti olimlari bu usulning samaradorligini ham isbotlashdi. Tadqiqot chog‘ida aniqlanishicha, ertalablari saqich chaynagan kishilar tushlik vaqtida 70 kilokaloriya kamroq taom tanovul qilgan. Inson saqich chaynaganida miyaga to‘qliq hissi yuboriladi. Shu bilan biz tanamizni aldaymiz.

4. Sarimsoqpiyoz yoki zanjabil yeng

Foto: getty images

Bu mahsulotlar, parhezshunoslarning fikricha, ochlik hissini kamaytiradi. Albatta, ish joyida sarimsoqpiyoz tanovul qilishning imkoni yo‘q, biroq zanjabil ildizi solingan suvni ichish unchalik mashaqqatli ish emas. Ushbu ziravorning samarasi tajriba yo‘li bilan isbotlangan. Kolumbiya universiteti o‘tkazgan tadqiqotga binoan zanjabil ochlikni kamaytiradi va tanovul vaqtida to‘yish hissini tezlashtiradi. 

5. Yuguring

Foto: imin.co

Navbatdagi taomlanish o‘rniga yugurishga chiqing. Kardiomashg‘ulotlar ochlik hissini biroz unutishga yordam beradi. Gap shundaki, ishtahaga grelin nomli gormon sabab bo‘ladi. Aynan u miyaga iste'mol qilish ishorasini beradi. Amerikada o‘tkazilgan yana bir tadqiqotda ma'lum bo‘lishicha, yugurish vaqtida ushbu gormon ishlab chiqilishi kamayadi. Shu bois sport bilan shug‘ullangandan so‘ng, ishtaha bo‘lmaydi.
 
6. Diqqatni boshqa narsalarga qarating

Foto: cbc.ca

Odatda bizning muzlatgich yoniga borib buterbrod tayyorlashimizga zerikish ham sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng, serialni qo‘yib, aslida tanamiz talab qilmagan narsani yeb qo‘yamiz. Shu sababli o‘zingizni nima bilandir mashg‘ul qilishga urining. Uyni yig‘ishtirish, sayr qilish yoki do‘konlarni aylanish. Asosiysi bu sizning e'tiboringizni chalg‘itsin. Agar biroz vaqtdan so‘ng, ochlik hissini yoddan chiqarsangiz, demak bu haqiqatan ham yolg‘on ochlik ishorasi bo‘lgan.
 
7. Ishtahani ochuvchi taomlardan chetlaning

Kimgadir ochqashi uchun shunchaki Instagram tarmog‘ida ishtahani qo‘zg‘atuvchi tushlik yoki yangi konditerlik mahsulotining reklamasini ko‘rishi kifoya qiladi. Mohirlik bilan montaj qilingan roliklarni tomosha qilar ekansiz, ochlik hissini uyg‘otuvchi gormon ishga tushadi va natijada biz “ochqab qolamiz”. 

8. Taomning mazali isi bilan cheklaning

Taomning hidi nafaqat ishtahani karnay qiladi, balki uni “o‘ldiradi” ham. Olma, vanil, banan yoki ra'nogul hidi to‘qliq hissini uyg‘otadi. Olimlarning aniqlashicha, achchiq shokolad, aniqrog‘i uning hidi ham shunday ta'sirga ega. Agar ochlik sizni doim ta'qib qilsa, irodangiz yetmasa, yoningizda hidli shamlar yoki moy olib yuring.
 
9. Taom vaqtiga rioya eting

Foto: mindmegette

Parhezshunoslar kuniga 5–6 marta ovqatlanishni tavsiya etishadi. Ammo bu raqam tanangiz xususiyatlaridan kelib chiqqan holda farqlanishi mumkin. Asosiysi — belgilangan jadvaldan chetga chiqmang va muhim taomlarni o‘tkazib yubormang. O‘shanda tanangiz shu tartibga o‘rganadi va ochlik xurujlari ro‘y bermaydi. 

10. Nonushta qiling

To‘g‘ri nonushta qilish foydasi ko‘plab tadqiqotlarda tasdig‘ini topgan. Masalan, amerikalik olimlar tadqiqot chog‘ida ikki guruhga turli taomlar bilan nonushta taqdim etishgan. Birinchi guruhdagilar oqsilga boy ovqatlarni tanovul qilishgan bo‘lsa, ikkinchi guruh a'zolari ishdan avval bir jom qahva bilan kifoyalanishdi. To‘yib ovqatlanganlar tushgacha to‘q bo‘lishgan va kun davomida kamroq kaloriya iste'mol qilishgan. 

Umuman olganda tonggi nonushta sizning doimiy va ajralmas odatingiz bo‘lishi kerak. Bo‘tqa va omlet ketmasa, boshqa narsa tanovul qiling. Asosiysi — taomga oqsil va murakkab uglevodlarni qo‘shishga harakat qiling: yong‘oqlar, dukkakli donlar, donli mahsulotlar. Ularni hazm qilish uchun tana ko‘proq energiya va vaqt sarflaydi. Demak, siz ancha vaqt to‘q yurasiz. 

11. To‘g‘ri tamaddi qiling

Va nihoyat, ochlikka qarshi kurashishning eng yoqimli usuli bu yengil tamaddi qilish. U to‘g‘ri, muvozanatli va rejali bo‘lishi maqsadga muvofiq. Uglevodlar, ayniqsa, fastfud va shirinliklar bilan umuman tamaddi qilmaslik kerak. Bu mahsulotlar ochlik hissini yo‘qotadi, biroq u uzoq davom etmaydi. Bir soat o‘tar-o‘tmay yana ochqab qolasiz. 

Yaxshisi yog‘siz kefir, qaynatilgan tuxum yoki yong‘oq tamaddi qiling. Shunda qaddi-qomatingiz va sog‘lig‘ingizga ziyon yetkazmasdan to‘q yurasiz. 

Mavzuga oid