O‘zbekiston | 18:55 / 02.12.2017
38491
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangi vazirlikning vazifalari haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot markazi

Poytaxtning Talabalar shaharchasida Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazi barpo etiladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Prezident tashabbusi bilan mamlakatda yetakchi soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining 2017 yil 29 noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. 

Mamlakatda ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yutuqlarini targ‘ib qilish, bu borada samarali mexanizmlarni ishlab chiqish, ilmiy-eksperimental ixtisoslashgan laboratoriyalar, yuqori texnologik markazlar, texnoparklar va boshqa innovatsion tuzilmalarni mustahkamlash yangi vazirlikning faoliyat yo‘nalishlaridandir. 

Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazida buning uchun barcha sharoit yaratiladi. Vazirlik ham shu markazda joylashadi. 

Ushbu muassasada ilmiy-konsultativ, iqtisodiyot tarmoqlari innovatsion ehtiyojlarini o‘rganish, yoshlar innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy ta'lim kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Iqtidorli yoshlar bu yerda yangi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida startap loyihalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz. Shuning uchun ushbu faoliyatni zamon talablari darajasida rivojlantirish yangi vazirlik, qolaversa, ushbu markazning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbari markazni yoshlar va butun ziyolilar qatlami uchun yanada qulay qilib loyihalashtirish, hududda innovatsion yutuqlardan foydalangan holda sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi. 

Mavzuga oid