Jahon | 20:20 / 06.12.2017
8630
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Xitoyda binolar yomg‘ir suvida sovitiladi 

Foto: EAST NEWS

Toshqinlar, qurg‘oqchilik va anomal issiq havo borgan sari keng tarqalayotgan sharoitda arxitektorlar va landshaft dizayni bo‘yicha mutaxassislar yirik shaharlarning yangi iqlim sharoitlariga moslashishining yangi usullarini taklif qilmoqdalar. Jumladan, Germaniya va Xitoyda yomg‘ir suvini binolarni sovitish uchun qo‘llash strategiyasi ustida ishlar olib borilmoqda.

Karlo Beker boshchiligidagi nemis arxitektorlari guruhi tomondan Berlin uchun taklif qilingan Sponge City (Gubka shahar) strategiyasi issiq havo va toshqinlarga qarshi kurashda suv va o‘simliklardan samaraliroq foydalanishni taklif qilmoqda. Tabiiy muhitda suv tuproqqa singib ketadi va o‘simliklar tomondan so‘riladi, bug‘langan qismi esa havoni sovitadi. Beton, oyna va po‘latdan qurilgan shaharlarda esa hammasi o‘zgachadir: suv sementga singmaydi, drenaj tizimi orqali kanalizatsiyaga tushib, oqib ketadi. Beton esa issiqlikni yutib, suvni shimmaydi. 

Sponge City loyihasi buning aksini amalga oshiradi: u yomg‘ir suvini saqlab, issiq havoda shaharni sovitish uchun qo‘llaydi. Shu tariqa shaharda tabiiy siklga o‘xshash jarayon amalga oshiriladi: bunda yomg‘ir uylarning o‘simliklar o‘stiriladigan yashil tomlari va fasadlariga singib ketadi yoki yo‘l chetidagi suv havzalariga tushadi. “Suv biz uchun shahar tashqarisiga chiqarilmay, uning o‘zida qolishi kerak bo‘lgan resursdir”, deb aytmoqda Beker.

Yashil tomning qalinligi taxminan 6-8 sm.ni tashkil qiladi, ortiqcha nam pastga hovliga tushadi. Bu yerda drenaj qalinligi 80 sm.ni tashkil qiladi. U namlikni gubka kabi shimib oladi, deb yozmoqda Clean Technica.

Shunga o‘xshash texnologiya Xitoyning 30 ta shahri, jumladan, Shanxay, Uxan va Syamin shaharlarida toshqinlar va issiqqa qarshi kurashda qo‘llanadi. Xitoy hukumati 2020 yilga kelib shaharlarning 80 foiz hududi yomg‘ir suvining kamida 70 foizini shimib olishi va qo‘llashiga umid bilddirmoqda. China Daily nashri ma'lumotlariga ko‘ra, bu maqsadlar uchun 12 mlrd dollar ajratilgan. 

Yozda italiyalik muhandislar Xitoydagi ilk o‘rmon-shahar qurilishi boshlanishini ma'lum qilishgandi. Lyuchjou shahri atrofida 40 mingta daraxt va millionga yaqin boshqa o‘simliklar ekiladi. Bu o‘simliklar har yili 10 ming tonna karbonat angidrid va 57 tonna zararli moddalarni yutib, 900 tonna kislorod chiqaradi.  

 

Mavzuga oid