Sport | 16:50 / 06.12.2017
14405
6 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» kimga yordam beradi? Bugun guruh bosqichida oxirgi o‘yinlar

Bugun maydonga tushadigan guruhlarda ham, xuddi kechagi kabi, 4 jamoa keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘lgan va hatto uch guruhning peshqadam jamoasi ham hozirdan aniq. Qolgan 4 o‘rin uchun esa, 7 jamoa da'vogarlik qilmoqda. 

Bugungi o‘yinlar natijasida Italiya, Germaniya, Angliya yoki Ispaniya o‘zining biror vakilidan ayrilishi, Rossiya va Ukraina jamoasi pley-offga chiqishi mumkin.

E guruhi

LIVeRPUL – SPARTAK

«Liverpul» guruhda yakka peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa-da, bu o‘yindagi mag‘lubiyat ularni uchinchi o‘ringa tushirib yuborishi mumkin. Hozir «Liverpul»da 9, «Spartak» hisobida 6 ochko mavjud. Moskvadagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi, demak har qanday hisobdagi g‘alaba ruslarni keyingi bosqich ishtirokchisiga aylantiradi.

Yurgen Klopp shogirdlarini nimchorak finalga olib chiqadi, ammo guruhda 1-o‘rinni saqlab qolish uchun inglizlar g‘alaba qozonishlari kerak. Ikkinchi o‘rin bilan chiqilganda, pley-offda kuchliroq raqibga ro‘baru kelib qolish xavfli kattaroq.

 MARIBOR – SeVILYa

Kecha bir ispan jamoasi turnirda tark etdi. Bu holat bugun ham davom etmasligi uchun «Sevilya» Sloveniyada g‘alaba qozonish kerak bo‘ladi. Shu holatdagina ular narigi uchrashuv natijasidan qat'i nazar guruhdagi ikki yo‘llanmadan biriga ega bo‘ladi.

Andalusiyaliklarni durang ham qoniqtirishi mumkin, ammo u holda «Spartak» Angliyada g‘alaba qozonmasligidan umid qilishga to‘g‘ri kelib qoladi. Eng oson va tinch yo‘l ochko umuman kerak bo‘lmagan «Maribor» ustidan g‘alaba qozonish.

F guruhi

FeYYeNOORD – NAPOLI

«Shaxtyor» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonib, «Napoli» yana YeChL keyingi bosqichiga chiqish kurashiga qo‘shildi. Bu kurash Ukraina jamoasi bilan bo‘lib o‘tmoqda va Sarrining butun fikri xayoli ushbu o‘yindan ham ko‘proq, parallel uchrashuvga qaratiladi. Sababi, «Napoli» uchun nafaqat bugun g‘alaba qozonish, shu bilan birga «Shaxtyor»ning ham mag‘lubiyatga uchrashi kerak bo‘ladi.

ShAXTYoR – MANCheSTeR SITI

Ushbu o‘yinning Manchester derbisi oldidan bo‘lib o‘tishi va «Siti»ning allaqachon guruhda peshqadam bo‘lib olganidan kelib chiqib, ko‘pchilik inglizlarning ikkinchi tarkib o‘yinchilari bilan tashrif buyurishini kutgandi. Ammo Gvardiola bu o‘yinda ham g‘alaba qozonib, guruh bosqichida yuz foizlik natija ko‘rsatgan yagona jamoa bo‘lmoqchi ekanliklarini yashirmayapti. Tarkibga ham faqat diskvalifikatsiyasi tufayli Kevin De Bryuyne va kichik jarohati bo‘lgan David Silva kiritilmadi xolos.

Ukrainaliklar ayniqsa, so‘nggi daqiqalarda hushyor bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi. «Manchester Siti» YeChLdagi so‘nggi ikki uchrashuvida (APLdagi so‘nggi uch o‘yinda ham) aynan so‘nggi besh daqiqadagi gollari evaziga g‘alaba qozondi.

Durang hisobi maydon egalarini to‘liq qoniqtiradi.

G guruhi

PORTU – MONAKO

O‘tgan yilgi Yevropa chempionlar ligasi musobaqasi yarim finalchisi bu safar hatto Yevroa Ligasi uchun beriladigan o‘rindan ham quruq qoldi. Endi Jardim shogirdlari so‘ngi turda faqat «Portu»ning oyog‘idan chalib qo‘yishi mumkin xolos.

«Portu» «Leyptsig» bilan bir xil ochko to‘plagan va o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra nemislardan yuqori o‘rinda joylashgan. Demak har qanday g‘alaba portugaliyaliklarni nimchorak finalga olib chiqadi.

RB LeYPTsIG – BeShIKTOSh

«Leyptsig»ning holati ham xuddi «Portu» kabi, umuman ochko kerak bo‘lmaydigan «Beshiktosh» ustidan g‘alaba qozonishi kerak. Farq shundaki, «buqalar» «Portu»ning ham ochko yo‘qotishidan umid qilishiga to‘g‘ri keladi. Aks holda Bundesliga YeChLda faqatgina bir klub bilan qolib ketishi mumkin.

H guruhi

ReAL – BORUSSIYa

Sababi, yana bir Germaniya klubi «Borussiya» umuman ishonchni oqlamadi va hatto guruhda so‘nggi o‘ringa tushib ketish xavfida qolib ketmoqda.

«Real»ning guruhda 2-o‘rinni olishi aniq, sababi, o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra «Tottenhem» ustunligi tufayli, inglizlar bilan ochkolarning teng bo‘lib qolishi ham madridliklarga hech qanday naf keltirmaydi. Ammo o‘z muxlislari qarshisida, shuningdek, La Ligadagi omadsiz, golsiz durangdan so‘ng, «Real» g‘alaba uchun harakat qilib ko‘rishi shubhasiz.

TOTTeNHEM – APOEL

Xuddi shunday holat Maurisio Pochettino shogirdlarida ham bo‘lib turibdi. «Tottenhem» Angliyadagi oxirgi o‘yinlarda juda yomon o‘tkazdi va oltinchi o‘ringa tushib ketdi. Muxlislarni qandaydir ma'noda ovutish uchun ham bu g‘alaba juda kerak.

APOEL esa, kamida durangga erishishga harakat qiladi. Chunki bu o‘yindagi ochko ularni Dortmund jamoasini quvib o‘tishda yordam berishi mumkin. Bu esa, APOYeLga Yevropa Ligasida ishtirok etish huquqini beradi.

Muhammadjon Ganiyev
Tayyorlagan Muhammadjon Ganiyev
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid