Prezident aholini kartoshka bilan to‘la ta'minlash masalasi haqida gapirdi
Bugun O‘zbekistonda davlat rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlanmoqda. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida ushbu sanaga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev tadbirda aholini kartoshka bilan ta'minlash masalasi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Xalqimizni eng ko‘p iste'mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulot turlaridan biri bo‘lgan kartoshka bilan to‘la ta'minlash uchun yiliga o‘rtacha 50 ming tonna sifatli kartoshka urug‘ini yetishtirishimiz talab etiladi. Buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega bo‘lgan mahalliy urug‘chilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etishimiz kerak”, - dedi prezident.
Shuningdek, davlat rahbarining ta'kidlashicha, 2018 yilda mamlakatda yetishtirilayotgan 1 million 200 ming tonna paxta tolasini O‘zbekistonda to‘liq qayta ishlab, xorijga faqat tayyor mahsulotlar eksport qilishni yo‘lga qo‘yish zarur.
Ta'kidlanishicha, suv resurslari cheklangan mintaqada dehqonchilik qilish, mo‘l va sifatli hosil olish maqsadida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor berilib, bugungi kunda qariyb 240 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar, jumladan, 28 ming gektar yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi.
2017 yilning o‘zida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid 5 ta qonun, 20 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi, 2 ta yangi qo‘mita va 3 ta uyushma tuzildi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan bayram arafasida agrar sohada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan, bu borada o‘ziga xos maktab yaratgan fidoiy fuqarolardan 167 kishi vatanning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Mavzuga oid
21:20 / 19.11.2024
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?
15:02 / 19.11.2024
O‘zbekiston Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi
13:55 / 18.11.2024
Niderlandiyada o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi
15:10 / 09.11.2024