O‘zbekiston | 12:40 / 13.12.2017
19823
4 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Toshkentda 2 yarim yoshli bolaga eshitish imkoniyatini beruvchi koxlear implanti o‘rnatildi

Foto: KUN.UZ

2017 yil 9 dekabr kuni Invivo xususiy klinikasida koxlear implantatsiya operatsiyasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Shu kuni xorijlik shifokorlar bilan bir qatorda mahalliy otolaringolog hamda jarrohlar ham eshitishi zaif bo‘lgan kasallarga koxlear implant o‘tkazish bo‘yicha operatsiyada  ishtirok etishdi.  

Avstraliya va Rossiyadan tashrif buyurgan malakali jarrohlar o‘zbekistonlik shifokorlar hamda bo‘lajak jarrohlarga o‘z tajribalari haqida o‘rtoqlashishdi. Shuningdek, ishtirokchilar buxorolik 2,5 yoshli kar-soqov bolaga dunyodagi eng nozik koxlear implantini o‘tkazish operatsiyasini ham onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.

Koxlear implantatsiyasi - ayrim neyrosensorli eshitish qobiliyatini yo‘qotgan yoki butunlay eshitmaydigan bemorlar uchun qo‘llaniladigan tibbiy asbob. Uning yordamida zaif eshituvchi insonlar turli tovushlarni eshitish hamda so‘zlay olish imkoniga ega bo‘lishi mumkin. 

"Jahonga mashhur Cochlear kompaniyasining implantlari O‘zbekistonga rasmiy tarzda olib kelindi. Endilikda bemorlarga boshqa mamlakatlarga solishtirganda ancha arzon narxlarda koxlear implantlarini o‘rnatish va ularga eshitish qobiliyatini qaytarish imkoniyati mavjud. Ayrim bolalar tug‘ma kar-soqov bo‘lib tug‘ilsa, yana boshqalar antibiotiklarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi va surunkali kasalliklarning asoratidan eshitish qobiliyatini yo‘qotadi. Eng muhimi, ota-onalar farzandlarini erta yoshdaligidayoq shifokor nazoratidan o‘tkazishsa va o‘z vaqtida implantlar o‘rnatilsa, ularning barcha sog‘lom insonlar qatori tinglay olishi va so‘zlashishiga umid paydo bo‘lishi mumkin. Kecha biz xayriya aksiyasi bo‘yicha 5 nafar bemorga koxlear implantini muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Bugun yana bir bolaga koxlear implantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Kelajakda mazkur amaliyotni yana davom ettirishni maqsad qilganmiz", deydi INVIVO klinikasining direktori Zebo Karimova KUN.UZ muxbiriga bergan intervyusida. 

Zebo Karimova

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda koxlear implantlarini o‘rnatish bo‘yicha tajribali mutaxassislarning paydo bo‘lishi ko‘plab insonlarning olis manzillarga shifo izlab bormay, o‘z yurtida davo topishiga imkon beradi. So‘nggi innovatsion texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilgan koxlear implantlari eshitishga to‘siq bo‘luvchi muammolarni bartaraf etishga hamda insonlarni faol ijtimoiy hayotga qaytarishga ko‘mak beradi.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda butun dunyo bo‘ylab implantatsiya jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan bolalarning 80 foiziga aynan Cochlear kompaniyasining implantlari o‘rnatilgan.

Shifokorlarning qayd etishicha, koxlear implantlarini o‘tkazish - yakuniy ijobiy natijaga erishish, degani emas. Operatsiyadan so‘ng bemorlarni ayrim tekshiruvlardan o‘tkazish kerak bo‘ladi. Shuningdek, so‘zlashish, tinglash qobiliyatlarini shakllantirish uchun ular bilan maxsus pedagoglar shug‘ullanishi lozim. Shundagina eshitishi zaif bo‘lgan bemorlar vaqt o‘tishi bilan to‘liq tilga kirishi va tinglay olishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid