Jahon | 10:29 / 14.12.2017
10626
2 daqiqa o‘qiladi

60 mlrd dollar. Disney juda yirik va kutilmagan xaridga yaqin

Foto: Reuters

The Walt Disney Company kompaniyasi 21st Century Fox holdingi aktivlarini taxminan 60 milliard dollarga xarid qilishga yaqin turibdi. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasining elektron versiyasi xabar bergan.

Uning manbalari ma'lumotiga ko‘ra, kelishuv haqida rasman bugun yoki ertaga e'lon qilishlari mumkin. Uni 21st Century Fox tuzilmalarida bo‘lgan qarzdorlik hisobga olingan holda 60 milliard dollarga baholashmoqda. 21st Century Fox sarmoyadorlari tranzaksiya yakunlari bo‘yicha, taxminlarga ko‘ra, The Walt Disney Company’ning 25 foizlik ulushiga egalik qiladi.

Nashrning ta'kidlashicha, The Walt Disney Company’ga o‘tadigan aktivlar orasida Twentieth Century Fox kino hamda telestudiyasi, qator kabel kanallar, jumladan sport yo‘nalishidagilar ham bor. Fox News telekanali, qator boshqa kanallar, shuningdek Kaliforniya shtatining Los-Anjyeles shahrida joylashgan kompaniya studiyasi esa sotilmaydi.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, ayni damda 21st Century Fox'ga egalik qiluvchi Rupert Merdok kelajakda 21st Century Fox’ning kelishuvdan so‘ng qolgan aktivlarini o‘zining News Corp kompaniyasi bilan birlashtirish niyatida. So‘nggisi, o‘z navbatida, The Wall Street Journal gazetasining egasidir.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, The Walt Disney Company kompaniyasi tomonidan 21st Century Fox aktivlarining sotib olinishi, unga tarmoqli multimediya servislari bozoridagi o‘z pozitsiyalarini ancha mustahkamlash imkonini beradi. Maqolada aytilishicha, tranzaksiya shuningdek The Walt Disney Company’ga Netflix videoservisi bilan ancha samarali raqobat qilishga ham yordam beradi.

Mavzuga oid