Jamiyat | 11:35 / 18.12.2017
57367
3 daqiqa o‘qiladi

Nogohon o‘chgan sham. Maftunaning umri qisqa ekan...

Foto: KUN.UZ

Inson umrini yonib turgan shamga qiyoslashadi. Kimning shami uzoqroq va yana kimningdir shami qisqaroq yonadi. Bu yog‘i esa Allohning taqdiriga va hikmatiga bog‘liq ishdir.

Xabaringiz bor, KUN.UZ sayti orqali imkoni boricha xayriya aksiyalari uyushtirib, bu orqali bemor yurtdoshlarimizga xolis yordam ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Ana shunday xayriya aksiyasiga bag‘ishlangan maqola joriy yilning 1 dekabr kuni “Xayriya aksiyasi: bemorlik azobiga bardosh berayotgan Maftuna yordamga ilhaq” sarlavhasi ostida e'lon qilingan edi. Unda oshqozon ichidagi bezlari kattalashgani tufayli aziyat chekayotgan Maftuna ismli qiz haqida gap boradi. Qizning davolanishi uchun u Hindistonga borib jarrohlik operatsiyasi o‘tkazishi kerak edi. Buning uchun esa yaxshigina mablag‘ talab etilardi.

Oradan ko‘p o‘tmay, ya'ni 6 dekabr kuni zarur mablag‘lar to‘plangach, Maftuna onasi hamrohligida davolanish uchun Hindistonga uchib ketgandi. Bunga bag‘ishlab, “Bardoshli qiz tarixi: Maftuna Hindistonga davolanish uchun yo‘lga chiqdi” sarlavhali maqola ham e'lon qilingandi.

Hindistonga jo‘nab ketgan Maftuna murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, oilasi bag‘riga qaytib keldi. Bu xushxabardan quvondik. Beixtiyor xayrli ishimizdan ko‘zlarimizga yosh keldi. Biroq, biroz muddatdan so‘ng, shumxabar keldiki, tanamiz muzlab ketdi. Maftuna oilasi davrasida bir muddat quvonchli lahzalarga guvoh bo‘ldi-yu, bu yorug‘ olamni tark etdi. Yaratganning hukmiga hech kim isyon qilmaydi. Bunga haddimiz ham, kuchimiz ham yetmaydi. Bir haqiqat bor:  "Inna lillahi va inna ilayhi radjiun" - Biz Allohnikimiz va Allohga qaytguvchimiz. 

Maftuna uchun tashkil etilgan xayriyada ishtirok etganlarga cheksiz rahmat. Barchangizdan Yaratganning o‘zi rozi bo‘lsin! Bir murg‘ak qalbga ozgina bo‘lsa ham quvonch hadya eta olgan bo‘lsak, O‘ziga shukr. Yana bir gap. Atrofingizda mana shunday ko‘makka muhtojlar bor. Imkonimiz bor ekan, kech bo‘lmasdan ulgirib qolaylik.

Saytimiz nomidan ham Maftunaning onasi, bobosi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib qolamiz.

Mavzuga oid