Jahon | 23:00 / 20.12.2017
52305
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ramzon Qodirovga sanksiya qo‘lladi

Foto: RT

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov AQSh moliya vazirligining sanksiyalar qo‘llanishiga sabab bo‘luvchi «Magnitskiy ro‘yxati»ga kiritilgan. U bilan birga Rossiyaning yana to‘rt nafar fuqarosi ushbu ro‘yxatga kiritilgan, deb yozadi Bi-bi-sining rus xizmati.

Amerika moliya vazirligi saytida e'lon qilingan ma'lumotga ko‘ra, Qodirovdan tashqari «Magnitskiy ro‘yxati»ga Ayub Katayev, Yuliya Mayorova, Andrey Pavlov va Aleksey Sheshenya kiritilgan.

Chechenistonga 2007 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ishonchli vakili hisoblanuvchi Ramzon Qodirovning «Magnitskiy ro‘yxati»ga kiritilish sababiga oydinlik kiritilmagan.

Magnitskiy akti AQShda 2012 yilning dekabrida qabul qilingan. U Kongress tomonidan inson huquqlarini buzish va korrupsiyaga aloqador rossiyaliklarga nisbatan sanksiya joriy etilishini nazarda tutadi.

Akt Vashingtondagilar tomonidan Hermitage Capital fondi yuristi Sergey Magnitskiyning tergov izolyatorida o‘limiga sababchi va inson huquqlarini poymol qilishga aloqador, deb hisoblanuvchi rossiyalik amaldorlarning vizalariga rad javobi berish, shuningdek, moliyaviy sanksiyalar qo‘llashni nazarda tutadi.

Sergey Magnitskiy huquq himoyachilari tomonidan «qiynoqli» deb atalgan sharoitlarda 2009 yilda vafot etgan. Yuristning Hermitage Capital fondidagi hamkasblarining aytishicha, Magnitskiy Rossiya byudjyetidan milliardlab rubl o‘marilganini isbotlovchi, IIV xodimlari va soliq inspeksiyasidagilar bilan bog‘liq yirik miqdordagi firibgarlikni ochganligi uchun jazo sifatida unga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid