O‘zbekiston | 10:03 / 23.12.2017
140194
11 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston parlamentiga murojaatnomasidan 15 iqtibos - to‘liq video

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi simpoziumlar saroyida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasiga murojaat qildi. Quyida prezidentning parlamentga murojaatidan 15 ta eng qiziq iqtiboslar to‘plab chiqildi.

«Juda katta marra belgilab olganmiz»

«Juda katta marra olganmiz. 25 yilda qilinmagan ishlar marrasini olganmiz. Bizning siyosatda oyog‘imizga kishan bo‘lgan bitta masala bor – noreal raqamlar ortidan quvish. Endi amaliy natijadorlik, inson manfaatlari islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

Darrov bir yilda hamma narsani qilib bo‘lmaydi. Buni bilimli, ilmli odamlar qiladi. Oltin valyuta zaxiralari bir yilda 1,1 mlrd. dollarga ko‘paydi. Ko‘paygani davlatimiz qudratidan dalolat», — dedi prezident. 

2018 yilning nomlanishi

«Yilga nom qo‘yishda juda ko‘p o‘yladim. Chunki bu nomlar faqat ko‘chaga chiroyli qilib yozib qo‘yish uchun emas, kelgusida, albatta, qandaydir natija berishi kerak.

Men yangi — 2018 yilga yurtimizda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili», deb nom berishni taklif etaman.

Yangi fikr, g‘oya, innovatsiya bo‘lmasa, kelajakda yuta olmaymiz, har bir hokim buni bilishi kerak», — dedi prezident. 

Viloyatlar rahbarlari nima uchun bo‘shatildi?

«Nega men ikki viloyat hokimini ishdan oldim? Toshkent va Jizzax viloyatlarining hokimlari — Shukrullo Boboyev va Ulug‘bek Uzoqov tajribali odamlar edi. Lekin ular paxtaga qo‘shib yozishni boshlashdi. Paxtani bir kilo bo‘lsa ham, hisob-kitobini toza qil, degandim.

Men yerning tagida ilon qimirlasa bilaman. Ammo endi bunday ishlab bo‘lmaydi. O‘zbek xalqining boshidan ne-ne kunlar o‘tmadi. Boshimizga Gdlyan, Ivanovlar solgan kunlar kerak emas. Biz u kunlar qaytishini istamaymiz. Bizga qo‘shib yozuvchilar kerak emas. Menga millatni sevadigan odam kerak», — dedi Sh.Mirziyoyev. 

Jurnalistika universiteti tashkil etiladi

«Bugungi kunda yurtimizda 1.500 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 
O‘z-o‘zidan ravshanki, ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar kerak. Afsuski, bunday keng ko‘lamli vazifani bir joyda markazlashtirgan holda hal etadigan tayanch oliy o‘quv yurti mamlakatimizda mavjud emas.

Nodavlat OAV, internet saytlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat jamg‘armasini tuzish maqsadga muvofiq. Shu sababli, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etamiz», — dedi prezident. 

Yo‘l-patrul xizmati inspektorlari kamera bilan ta'minlanadi

«Post-patrul xizmati xodimlarining videokamerasi bo‘lmasa, haydovchilar u bilan gaplashmasligi kerak. Kamera bo‘lmasa, u pora olish payida bo‘ladi. Viloyatlar chegarasidagi postlar ham kamaytiriladi. Masalan, Xorazmdan yo‘lga chiqqan odam Toshkentga kelguncha tekshiruvdan o‘taverib, tinkasi quriydi.

Endi YPX xodimi to‘xtatadi, kamera bilan gaplashadi, bo‘yniga kichkina kamera osib qo‘yadi, bu tamagirlik, mansabini suiiste'mol qilish holatlarining oldini oladi», — dedi prezident. 

Milliy xavfsizlik xizmati isloh qilinadi

«Milliy xavfsizlik xizmati 26 yil avval hukumat tasdiqlagan nizom asosida ishlab kelmoqda. Har qanday oddiy harakat ham MXXga qarshi, deb baholab kelingan. Har qanday oddiy masala ham milliy xavfsizlikka tahdid, deb baholab kelingani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘lgan. MXX faoliyatini isloh qilish vaqti keldi», — dedi prezident.

Davlat rahbari shu munosabat bilan «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida»gi va «Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etdi

Shavkat Mirziyoyevning eng katta armoni

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Joylarda ba'zi mutasaddilar tadbirkorga kalamushday yopishib olgan. Tadbirkorlarni tekshiraverib, ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Ularni amalda yetarlicha qo‘llab-quvvatlay olmayotganimiz — mening eng katta armonim. Ikki yil ular tekshirilmaydi. Endi ularni tekshirish bilan prokuraturaning maxsus bo‘limi shug‘ullanadi. Buni shaxsan Prezident nazorat qiladi», — dedi Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va qonunchilik palatasi a'zolariga murojaatnomasida. 

Hokimlarning vakolati haqida

«Keyingi paytda xalq deputatlari kengashlarining rolini, xalq deputatlari vakolatlari tubdan oshirildi. Siyosiy partiyalarning mahalliy hokimiyat idoralarining shakllantirish borasida vakolatlari borasida bosqichma-bosqich kengaytirildi. Deputatlik nazorati esa mustahkamlandi. Biroq ochiq tan olish kerak, hokimlarning ham mahalliy kengashlarga, ham ijro hokimiyatiga rahbarlik qilishi demokratik prinsiplarga mos keladi, deb bo‘lmaydi. Hech qayerda bunday narsa yo‘q», — dedi prezident. 

Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasini tuzishni taklif qildi

«Yoshlar haqida gap ketganda, men doim bir narsani o‘ylayman. Mana, bugungi kunda qancha-qancha yoshlarimiz chet ellarda ta'lim olmoqda, mehnat qilmoqda. Albatta, ularning orasida o‘z yo‘lini topib, begona yurtda hech kimdan kam bo‘lmay yashayotganlari ham ko‘p. Lekin Vatan sog‘inchi har qanday odamni ham qiynaydi. Shuning uchun ular bilan doimo aloqa o‘rnatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yurtimizga qaytish istagida bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirishimiz zarur.

Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasini tuzish va uning samarali faoliyat yuritishi uchun tegishli sharoit yaratib berishimiz kerak», — dedi prezident. 

Diniy oqimlarga berilgan kishilarga qarshi kurash 

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Qandaydir aqidaparast, diniy oqimlarga berilgan kimsalarning chiqib kelishi endi bizga yarashmaydi. Biz buni bilib, bilmaganga oldik. Xalq, jamiyat shug‘ullanishi kerak, deputat e'tibor qaratishi kerak.

«Mahalla», nozir xiyonat qilsa, bizga unday odamlar, rahbarlar nega kerak? Nega IIVga qattiq qarayapman? Mana, Moskvada yig‘ilishda qatnashishdi vakillarimiz. Qachon ogoh bo‘lamiz — har bir ko‘cha, uyda, mahallada ega bo‘lsa. Mahalladagi imom haqiqiy islomni tushuntira olsa, adashganlarni kirgizishga haqqimiz yo‘q. Xudo ham, bandasi ham bizni kechirmaydi», — dedi prezident. 

Fuqarolar parlamentga elektron murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi

«Bir guruh fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni Oliy Majlis yoki xalq deputatlari kengashlari ko‘rib chiqishi majburiy ekani qonunda belgilab qo‘yilishi lozim.

Internetda «Mening fikrim» degan maxsus veb-sahifa tashkil etiladi. Bu aqlli deputatga yoqadi. Sizlarga ham oson bo‘ladi. Odamlarimiz fikrlarini, tashabbuslarini elektron tarzda  yuboradi. Fuqarolar davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin bo‘ladi», — dedi prezident. 

Byurokratiya muammolari haqida

«Ayniqsa, aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘tirib olgan amaldorlar faoliyatida otangga bor, onangga bor qabilidagi sansalorlik avjiga chiqqan. Bunday holga endi toqat qilib bo‘lmaydi. BTI soliqchilardan ham poraxo‘r bo‘lib ketgan. Yerni qonunsiz kim beradi? BTI yer tuzuvchi, endi unday narsa yo‘q, endi hamma masalani kunma-kun hal qilib beradi.

Shovotda xususiy bog‘cha ochish uchish Toshkentga 1000 kilometrdan ko‘proq yo‘l bosib kelish kerak. Bu — byurokratizm. «Xususiy bog‘cha qilaman», degan odam oxiri o‘zini Amudaryoga tashlab yuboradi-ku? Shu darajaga olib kelishadi

Davlat xizmatlari agentligi haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Bu agentlik ishga tushishi bilan o‘sha endi qishloq tumanlaridagi holat hamma joyda — notarial idorada navbat, pasport berish navbat, mahalladan ma'lumotnoma olish navbat, mashinaga ham navbat — hamma joyda korrupsiyaga barham beradi

Endi unday gaplar bo‘lmaydi. Biror kishi kelib murojaat qilsa-yu,  unga ma'lumotnoma berilmadimi — prezident qabulxonasiga keladi. Toshkentdagi rahbarni darrov ishdan olib tashlayman. Mana, ko‘ryapsiz yangi kadrlar qo‘ymoqdamiz, ikki yildan keyin ular zo‘r ishlaydi. Men ularga ishonaman». 

Tadbirkorlar haqida

«Tadbirkorlik O‘zbekistonda nega rivojlanmayapti? Gaz bor, elektr bor, mahsulot bor. Bunga o‘zimiz — davlat idoralari yo‘l qo‘ymayapmiz. Hech kimga kerak bo‘lmagan tartiblar saqlab qolinmoqda. Joylarda amaldorlar faqat o‘z manfaatini o‘ylamoqda. Cherchill shunday degan: Ba'zilar tadbirkorlar deganda sog‘in sigirni, faqat sanoqlilar og‘ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi

Tadbirkorlik sub'yektlarini tekshirishni 2 yilga to‘xtatish taklif qilindi

Tadbirkorlar bilan endi prokuratura ishlaydi. Ularni eshitadi, qonuniy yordam beradi, huquqlarini ishonchli himoya qiladi. Kimnidir nazorati ostida degan gaplar endi yo‘q. U ko‘priklar kuyib ketib bo‘lgan. Nopok tadbirkorlarga ham murosasiz munosabatda bo‘lish lozim.

Tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga o‘tish va uning nazoratini Bosh prokuraturaga yuklash maqsadga muvofiq. Shuningdek, barcha tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni 2 yil muddatga to‘xtatsak, nima deysizlar?» —degan prezident. 

To‘liq video (YouTube)

Mavzuga oid