Jamiyat | 21:20 / 24.12.2017
29739
4 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik kollej o‘quvchilarining oddiy va kerakli ixtirolari

To‘g‘risi, har kuni turli olamshumul ixtirolar, yangiliklar amalga oshirilayotgan zamonda yashayapmiz. Dunyoning narigi chetida o‘ylab topilgan biror texnologiya yoki uskunaga hayratlanayotganimiz, rost.

Men esa, yosh o‘zbek yigitlari tomonidan o‘ylab topilgan ixtirolar bilan tanishdim. Andijon avtomobil yo‘llari kollejining 2-kurs o‘quvchisi Jasurbek Xusanov loyiha va chizmalarni o‘zi ishlab chiqib, juda ham kerakli uskuna yasabdi.

“Uskunam yorug‘lik paneli orqali, akkumlyatorlarga quvvat yig‘adi va uning yordamida nootbukni bir soatda to‘la quvvatlantirish mumkin”, deydi Jasurbek. Shuni aytib o‘tish kerak-ki, o‘quvchi yigit o‘z qo‘li bilan yiqqan uskuna ayni paytda juda kerakli ekan. Noutbugingiz bilan elektr tarmog‘i yo‘q joyga borib qolsangiz, muammo yo‘q. Yorug‘lik panelli qurilma yordamga keladi.

Jasurbek o‘tgan yili viloyat kasb-hunar kollejlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Samarali qurilma” ko‘rik tanlovida 1-o‘rinni egallab, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda ham “Avtonom energiya qurilmasi” g‘oyasi bilan g‘olib bo‘libdi.

Uning to‘rt-beshta yangi loyihasi bilan tanishdik. Bular ichida “Tepaliklarda joylashgan  ekin maydonlariga suv chiqarish” ishi ham e'tibor talab qiladigan darajada ekan. O‘quvchining o‘z ishlanma va chizmalarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida tushuntira olishi ham ijobiy holat.

Yana bir kollej talabasi Odiljon Matkarimovning ixtirosi ham katta e'tibor talab qiladigan loyiha. Odiljon avtomobillar uchun yilning to‘rt fasliga mo‘ljallangan yangi avtoshina turini yasabdi. Loyihadagi avtoshina ichki qismida maxsus gidro turumlar joylashtirilgan ikkinchi qoplama o‘rin egallaydi. Oddiyroq tushuntiradigan bo‘lsak, ixtirochi ijod qilgan yangi turdagi shinadan yozda o‘z vazifasini bajarish bilan birgalikda, qishning sirpanchiq va muzlama kunlarida oddiy bir harakat bilan suyuqlik orqali qo‘shimcha yo‘g‘on ignasifat metall ignalar o‘sib chiqadi. Ushbu loyiha bilan tanishgan Andijon mashinasozlik instituti olimlari uni yanada takomillashtirish va keng foydalanishga tavsiya bildirishgan. G‘oya muallifi Respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar g‘olibidir.

Aslida oddiy ijodkor yoshlar o‘rtasida yangilikka intiladiganlari va jamiyat uchun kerakli uskunalar yaratayotgani juda ko‘p. Endi ularning g‘oyalarini hayotga tadbiq qilish vaqti ham keldi.

Andijon o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Yoshlar – kelajak bunyodkori” tadbirida ilm-fan, san'at va sport sohasidagi yoshlar o‘z iqtidorini namoyon qilishdi. Viloyat Yoshlar ittifoqi mutasaddilari ixtirochi yigitlarning g‘oyalari bo‘yicha homiylik qilishga kirishishini bildirdilar.

 

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid