Jahon | 15:40 / 02.01.2018
12141
2 daqiqa o‘qiladi

Eron mojarosi. Suriya rahbariyati AQShni aybladi

Foto: AFP

Suriya rahbariyati Vashingtonning Erondagi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha pozitsiyasini qat'iy qoralaydi hamda uni mintaqadagi holatni beqarorlashtirishga yo‘naltirilgan, deb hisoblaydi. Bu haqda Suriya Arab Respublikasi TIV bayonotida aytiladi.

Avvalroq, dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Twitter’da norozilik namoyishlari girdobida qolgan Eron uchun o‘zgarishlar vaqti kelganini ma'lum qilgandi.

"Suriya AQSh ma'muriyati va uning nazorati ostida bo‘lgan tuzilmalarning Eronda ro‘y berayotgan hodisalar bo‘yicha pozitsiyasini qat'iy qoralaydi. Mamlakat rahbariyatining fikricha, bunday pozitsiya vayronakor kuchga ega hamda mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan", - deyiladi bayonotda.

Shuningdek, tashqi siyosiy idora bayonotida aytilishicha, "Suriya Eronni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi hamda Eron suverenitetini hurmat qilish va uning ichki ishlariga aralashmaslik lozimligini eslatadi".

"Suriyaning ishonchi komilki, Eron hukumat, rahbariyat va xalq bilan birga ro‘y berayotgan hodisaga yakun yasashga muvaffaq bo‘ladi", - deya xabar qilinadi hujjatda.

Eronning yirik shaharlari – Tehron, Mashhad, Isfaxon va Reshtda 28 dekabrdan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniyning ma'lum qilishicha, namoyishlar davlatdagi ichki muammolar tufayli, shuningdek boshqa mamlakatlar fitnasi bilan o‘tkazilmoqda. Eron OAV ma'lumotlariga ko‘ra, norozilik namoyishlari vaqtida 10 kishi halok bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Milliy xavfsizlik bo‘yicha oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy mamlakatdagi norozilik aksiyalari Tehron bilan qator davlatlar olib borayotgan “bevosita urush” doirasida bo‘lib o‘tayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid