Sport | 14:30 / 04.01.2018
16851
12 daqiqa o‘qiladi

Himoyachi uchun 75 million: «Liverpul» to‘g‘ri qildimi?

Qishki transferlar oynasi navbatdagi rekord bilan boshlandi. «Liverpul» 26 yoshli niderlandiyalik himoyachi uchun 75 million funt to‘ladi. Virjiyl van Deyk dunyodagi eng qimmat himoyachiga aylandi. Xo‘sh, bu kelishuv navbatdagi aqldan ozishmi yoki futbol olami uchun bunday transferlar oddiy holga aylanib bormoqdami?

Klopp aynan Virjiylni istagandi

Foto: BBC Sports

Agar iyul oyiga qaytadigan bo‘lsak, o‘zimizni janjalning o‘chog‘ida ko‘ramiz. Yurgen Klopp Blekpulda Van Deyk bilan shaxsan uchrashdi va uni «Enfild»ga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirishga harakat qildi. Klopp bu vazifaning uddasidan chiqqani ehtimol, ammo bu uchrashuv haqida jurnalistlarning xabar topgani ishning beliga tepdi.

«Sauthempton» bu voqeadan xabar topdi va APL rahbariyatiga shikoyat xati yo‘lladi. Ma'lum bo‘lishicha, klubning xabarisiz futbolchi bilan muzokaralar o‘tkazish  - tapping up, umuman qoidaga xilof ekan. Natijada «Liverpul» rasman uzr so‘rashiga va endigina boshlangan muzokaralarni to‘xtatishiga to‘g‘ri keldi, Virjiyl van Deyk esa, «ish tashlash»ni boshlab yubordi. Gollandiyalik himoyachiga Yurgen Klopp shunchalik yoqib qolgandiki, u o‘zi bilan qiziqayotgan «Siti»ga ham, «Chelsi»ga ham qiyo boqmadi.

«Liverpul»ning kayfiyati ham tushib ketgandi. Eng asosiy transfer maqsadini boy bergan klub «Hall Siti»dan Robertsonni sotib olish bilan kifoyalandi. Ammo jamoa markaziy himoyasiga yangi futbolchi kerak ekani aniq edi, axir mavsumga faqat Matip, Lovren va Klavan bilan kirib kelib bo‘lmaydi-ku?

Stiven De Vrey, Xolid Kulibali, Benedikt Xevedes, Maykl Kin, Niklas Zyule – bu nomlar Virjiylning o‘rniga xarid qilinishi mumkin bo‘lgan markaziy himoyachilar sifatida matbuot tomonidan ko‘p tilga olindi, ammo Kloppga faqat Virjiyl van Deyk kerak edi.

Taqqoslash uchun bir fakt. Muhammad Saloh Klopp uchun uchinchi variant bo‘lgan. Murabbiy ko‘proq Brandt va Mayyerga qiziqish bildirgan. Ammo bu transferlarda qiyinchilik yuzaga kelgach, murabbiy ulardan osongina voz kechib, Salohga rozi bo‘lgan. Virjiyl van Deykdan esa, Klopp voz kechmadi va ushbu transferni kutishga ko‘ndi. Demak nimadir bor.  

Virjiyl rostan ham yaxshi himoyachi

Foto: BBC Sports

Niderlandiyalik futbolchining ustunliklarini ko‘rish uchun Kloppning ko‘zoynagi shart emas. U o‘tgan mavsumda Angliyaning eng yaxshi himoyachilaridan biri bo‘ldi va buni «Liverpul»ning o‘zi ham «o‘z tanasida his qildi». «Sauthempton» avvaliga Klopp shogirdlarining g‘alabali seriyasiga nuqta qo‘ydi, keyin esa, Liga kubogi yarim finalidan chiqarib yubordi. Bu o‘yinlarda Virjiyl boshchiligidagi himoya chizig‘ining xizmati juda katta bo‘lgandi.

Van Deyk qaysidir jihati bilan Vinsen Kompanining eng yaxshi davrlarini yodga solib yuboradi. Bu futbolchilarni bog‘lab turadigan asosiy jihat – ularning yonida butun himoya ishonchli to‘p sura boshlaydi. Van Deykning o‘zi juda kam xato qiladi, so‘nggi ikki yilda u atigi 2 marta himoyada xatoga yo‘l qo‘ygan xolos. O‘tgan mavsumning o‘zida Lovrenning uch marotaba qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganini e'tiborga olsak, «Liverpul» himoyasi sezilarli tarzda kuchayishini taxmin qilish mumkin.

Virjiyl «Liverpul» himoyasiga aql va xotirjamlik bilan birgalikda, yuqori qavatlardagi ustunlikni ham taqdim etadi. Futbolchi APLda yuqori qavatdagi kurashlar statistikasi bo‘yicha, ushbu mavsumda faqat Kurt Zumadan ortda qolmoqda xolos. «Liverpul» APLda o‘rtacha bo‘yi va og‘irligi eng past jamoadir, Virjiylning kelishi jamoaning ushbu yo‘nalishda ham ko‘rsatkichlarini oshiradi va ayniqsa, standart vaziyatlarda yuzaga keladigan muammolarga barham beradi. 

Van Deykning o‘zi uchun ham, bir paytlar Mats Hummels, Neven Subotich kabi himoyachilarni kashf qilgan murabbiy bilan birga ishlash haqiqiy top-himoyachi bo‘lib yetishishda foydali bo‘ladi.

Van Deyk – top-klubga atalgan himoyachi

Foto: Tvitter

Van Deykning butun faoliyati yuqoriga qarab bosqichma-bosqich harakatdir. U avvaliga «Villem» akademiyasida ikki yil o‘ynadi, keyin esa, «Groningen» tarkibida ikki mavsum o‘tkazdi. Mahalliy grandlar uchun kerak bo‘lmagan Virjiyl Britaniyani zabt etish uchun yo‘l oladi va «Seltik» safiga borib qo‘shiladi. Shotlandiyada ham ikki mavsum o‘ynagan qahramonimiz «Sauthempton» taklifiga rozi bo‘ladi.

U o‘ynagan har bir jamoasida yetakchi bo‘lgan, sardorlik bog‘ichini taqqan va jamoa saviyasidan ham yuqoriga ko‘tarilgani yaqqol sezilgach, kuchliroq jamoaga ketgan.

Himoyalanishni juda yaxshi uddalaydigan himoyachilar ko‘p, ayniqsa, Angliya Premer Ligasida. Ammo aynan top-klublar safida to‘p suradigan himoyachi to‘pni nazorat qilish, hujumni boshlash borasida ham qobiliyatli bo‘lishi kerak. Bu tomondan Virjiylda muammo yo‘q, unga Niderlandiya terma jamoasida ham aynan hujumlarni boshlash yuklatilgan. Bu shunchaki, qisqa paslar emas, 40-50 metrga yuqorilatib aniq uzatmalarni amalga oshirish ham Virjiylga cho‘t emas. Shuningdek, Shotlandiya chempionatini kuzatgan muxlislar bo‘lsa, uning jarima zarbalarini ham eslab qolishgan, bo‘lishlari kerak.

Virjiyl o‘yinlarni yutib berishi mumkin

Foto: Tvitter

Van Deykning Lukaku narxida sotib olinishi ko‘pchilikda g‘alati fikrlar paydo qildi – «axir u Lukaku emas, bir mavsumda 30 gol urmaydi, bir o‘zi ba'zi o‘yinlarni yutib bera olmaydi, unga Lukakuga to‘langan pullarni to‘lash, ahmoqlik».

Lekin «Liverpul»da gol urish bo‘yicha muammo yo‘q. Jamoaning asosiy muammosi urilgandan ko‘ra kamroq o‘tkazib yuborish. «Liverpul»ning ushbu mavsumda 7:0 hisobidagi g‘alabalari, 1:0 dan ko‘ra ko‘proq, ishonavering. Endi tasavvur qiling, mavsum boshidan beri himoya markazida Deyan Lovren emas, Van Deyk o‘ynaganda, qanday bo‘lardi?

Shunchaki, esda qolganlarini aytish mumkin. «Everton» bilan o‘yinda Lovren mehmonlarning yosh hujumchisi Kalvert-Levindan ko‘ra yaxshiroq pozitsiyada turgandi, ammo to‘p bilan qanotga qarab ketayogan hujumchiga nisbatan qoida buzildi va yo‘q joydan penalti paydo bo‘ldi. O‘sha o‘yinda boshqa birorta ham hujum qilmagan Ellardays jamoasi «Enfild»dan ochko olib ketdi. Bu vaziyatsiz «Liverpul»da ikki ochko ko‘proq bo‘lardi – bu ko‘p vaziyatlardan biri xolos. Himoyadagi ishonchli o‘yin jamoaga ochkolar olib keladi, bu aniq.

Bu transfer klub imijiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi

Foto: Liverpool FC News

O‘z vaqtida Stiven Jyerardning yaxshi futbolchilarga qo‘ng‘iroq qilib, «Liverpul» safiga qo‘shilishlarini iltimos qilgani haqida xabarlar chiqqandi. Keyinchalik, bu ishni Klopp zimmasiga oldi, aynan nemis murabbiyi bilan suhbat Van Deykni «ish tashlashga», Oksleyd Chemberleynni esa, «Chelsi»dan voz kechishga yetarli unday oldi. Bu holatda klub o‘z murabbiyi ambitsiyasiga javob bera olmasa, kelajakdagi transferlar uchun ziyon bo‘lishi turgan gap edi.

Van Deyk transferining qiymati APLda uchinchi o‘rinda, futbolchi dunyoda eng qimmat himoyachiga aylandi. Yurgen Klopp istalgan futbolchini sotib olishga qodir ekanini har qancha aytmasin, «Liverpul» sotish va sotib olish balansi bo‘yicha APL o‘rtamiyonalari safida bo‘lsa, o‘sha fikrlarning qiymati qolmasdi. «Liverpul» bu xarid bilan nihoyat o‘zining jiddiy ambitsiyasini va o‘zi uchun kerakli futbolchini har qanday qiymatda sotib olishga tayyor ekanini namoyish qila oldi.

Xulosa

Foto: Liverpool FC News

Yuqorida fikrlar transferning oqilona ekaniga sizni ishontira olmagan bo‘lsa, yana bir qator argumentlar keltiramiz.

Birinchidan, inflyatsiya. Futbolda pullarning ko‘payganini e'tiborga olsak, masalan, Virjiylni o‘sha Rio Ferdinanddan qimmatga sotib olingan deb bo‘lmaydi. Buning ustiga Neymarning transferi barchasini ostin-ustin qilib yubordi, endi har qanday summaga ishonish mumkin. Katta ehtimol bilan, yana 1-2 transfer darichasida bu rekord ham yangilanadi.

Ikkinchidan, ushbu transfer qishda amalga oshirildi. Bu mavsumda sotilgan futbolchining o‘rnini to‘ldirish oson emas, shuning uchun biroz narxlar qimmatroq bo‘ladi.

Uchinchidan, Virjiyl ushbu mavsumda yevrokuboklarda maydonga tushmagan. Demak, «Liverpul» uni Yevropa Chempionlar Ligasida ham o‘ynatishi mumkin. Yuqori saviyaga ega bo‘lgan va yevrokubokda maydonga tushmagan futbolchini topish oson emas.

To‘rtinchidan, niderlandiyalik futbolchi «Sauthempton» bilan uzoq muddatli shartnomaga edi. Shu sababli, klub futbolchiga istalgancha narx qo‘ya olardi.

Beshinchidan, «Liverpul»ning butun himoyasi 69 million funtga tushgan xolos. Bu pulga «Manchester Yunayted» Bayi va Lindelofni sotib oldi xolos. «Chelsi» esa, so‘nggi bir yilda himoya uchun 100 million sarfladi. «Manchester Siti»ni ortiqcha eslatish ham shart emas. Ya'ni, «Liverpul» so‘nggi yillarda himoya chizig‘iga u qadar ko‘p mablag‘ sarflamadi va iqtisod qilingan mablag‘ni murabbiy rostan ham himoyani kuchaytirishni rejalashtirayotgan nomzod uchun sarflashi mantiqan to‘g‘ri qaror.

«Van Deyk o‘yinimiz sifatini oshiradi. Aynan shu sababli, unga qiziqdik va ayna shu sabab bilan uni sotib oldik. Jamoa muxlislariga transfer qiymatini unutishni maslahat berardim. Futbolchi haqida gapirganda, uning jamoaga nima olib kelishi muhim – sifat, mentalitet, xarakter. Shu tufayli, men ham, klub ham ushbu transferdan juda xursandmiz» – deb izohladi Yurgen Klopp.

Ya'ni, barchasi 26 yoshli futbolchining o‘ziga bog‘liq. Agar u murabbiy va klub kutganidek o‘ynab ketsa, bir necha oy o‘tib transfer qiymati unutilib ketadi. Virjiyl uchun bu yangilik emas, so‘nggi yillarda amalga oshirib o‘rgangan vazifa....

Sports.ru materiali asosida

Mavzuga oid