Jahon | 20:45 / 04.01.2018
11104
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy xodimlariga shaxsiy telefonlardan foydalanish taqiqlab qo‘yildi

Foto: EPA

Oq uy AQSh prezidenti Donald Trampning ma'muriyati joylashgan g‘arbiy qanotda shaxsiy mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlab qo‘ydi. Taqiqlov keyingi haftadan amal qila boshlaydi.

“Oq uy texnologik tizimlarining xavfsizligi va daxlsizligi Tramp ma'muriyati uchun ustuvor hisoblanadi, shu sababli keyingi haftadan boshlab g‘arbiy qanotda mehmonlarga ham, xodimlarga ham shaxsiy mobil telefonlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi”, deb aytgan Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.

Sandersning aytishicha, xodimlar shaxsiy masalalarni hal qilishda xizmat qurilmalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bloomberg axborot agentligining ma'lum qilishicha, xodimlar oila a'zolari zarurat tug‘ilganda ular bilan bog‘lana olmasliklaridan xavotir bildirishgan.

Ushbu taqiqlov kiritilishini Oq uy apparati boshlig‘i Jon Kelli xavfsizlik nuqtai nazaridan talab qilgan. Uning fikricha, G‘arbiy qanot Wi-Fi tizimiga juda ko‘p qurilmalar ulangan, shaxsiy smartfonlar esa buzib kirilishdan yetarlicha himoyalanmagan. 

AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘plab marta ma'lumotlarning sizib chiqib ketishidan shikoyat qilgan. Oq uyda ta'kidlanishicha, joriy taqiqlov ma'lumotlar chiqib ketishi bilan bog‘lanmagan. 

Mavzuga oid