Jahon | 19:50 / 05.01.2018
10478
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanda bo‘g‘ma kasalligi tarqalmoqda

Yamanda oxirgi oylarda bo‘g‘ma kasalligidan 46 kishi vafot etdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yamanda bu kasallikdan vafot etganlar soni ko‘pligidan tashvish bildirmoqda. Bu haqda 5 yanvarda tashkilotning vakili Tarik Yazarevich ma'lum qildi.

“Yamanda bo‘g‘ma tarqalmoqda: 4 oydan kamroq vaqt ichida 471 kishida bu kasallik aniqlangan, 46 ta holat o‘lim bilan yakunlangan. O‘lim darajasi deyarli 10 foizni tashkil qilmoqda va bu juda xavotirlidir”, deb aytgan Yazarevich.

Uning ta'kidlashicha, bo‘g‘madan kasallanganlik holatlari ko‘proq Ibb va Al-Xudaydo viloyatlarida qayd qilingan. Ayniqsa Ibb viloyatidagi vaziyat tashvishlantirmoqda: bu yerda 231 kishi bo‘g‘maga chalingan va 13 kishi undan vafot etgan. “Bo‘g‘ma 18 ta viloyatda tarqalgan”, deb aytgan JSST vakili. JSST vaziyatni baholash uchun Yamanda o‘z mutaxassislari guruhini joylashtirgan va bu kasallikka qarshi kurashda Yaman sog‘liqni saqlash idoralari bilan hamkorlik qilmoqda.

Bo‘g‘ma kasalligi Corynebacterium diphtheriae bakteriyasi bilan chaqiriluvchi yuqumli kasallik bo‘lib, uning alomatlari sekin-asta yuzaga chiqadi: avval tomoq og‘riydi va harorat ko‘tariladi, so‘ngra nafas yo‘llari yopilib qoladi. Kasallik aloqa qilganda yoki havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Bu kasallikning oldini olish uchun emlash o‘tkazish lozim. 

Bir necha yildan beri fuqarolik urushi girdobida qolgan Yaman aholisi orasida avvalroq vabo epidemiyasi tarqalgandi. 

Mavzuga oid