O‘zbekiston | 17:00 / 06.01.2018
7622
2 daqiqa o‘qiladi

Advokatlik tuzilmalari statistik ma'lumotlarining yangi shakllari tasdiqlandi

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018 yil 5 yanvardagi 1-mh-son buyrug‘i bilan (ro‘yxat raqami 2960, 2018 yil 5 yanvar) advokatlik tuzilmalarining statistik ma'lumotlar shakllari yangi tahrirda tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Endilikda statistik ma'lumotlar yilda bir marta – har yilning 10 yanvar kuniga qadar taqdim etiladi. Bunda statistik ma'lumotlar faqat elektron shaklda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining rasmiy sayti orqali yuboriladi. Avvalgi tahrirga ko‘ra har 6 oyda bir marta, qog‘oz va elektron shaklda topshirilishi lozim edi.

Yangi statistik ma'lumotlar 4 ta soddalashtirilgan (2,5 baravarga qisqargan) shakllardan iborat. Ulardagi to‘ldirilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlarning umumiy soni 46 tani (avvalgiga nisbatan 3,4 baravarga kam) tashkil etib, keskin ravishda qisqartirildi.

Qayd etilishicha, statistik ma'lumotlar shakllarini ishlab chiqishda tajribali advokatlar va boshqa malakali huquqshunoslarning takliflari inobatga olingan.

Mazkur buyruq 2018 yilning 10 yanvaridan boshlab kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid