Jamiyat | 18:02 / 07.01.2018
54199
5 daqiqa o‘qiladi

Cho‘chqa terisidan ishlangan buyumni qanday farqlash mumkin?

Foto: Coloribus.com

Bugungi kuni moda sanoatida turli aksessuarlar, jumladan, tufli, kamar, sumka kabi buyumlarni cho‘chqa terisidan ishlash udum bo‘lgan. Chunki u nisbatan arzonroq hisoblanadi. Cho‘chqa terisidan ishlangan buyumni boshqalaridan ajratish uchun eng avvalo, uning ustidagi mayda teshikchalarga e'tibor qaratish lozim. Ya'ni charmning yuzasi mayda 3 dona yonma-yon joylashagan teshikchalardan iborat bo‘ladi. To‘g‘ri hamma terilarda ham teshikchali chiziqchalar mavjud, lekin cho‘chqa terisida mazkur uch nuqtaning joylashishi, ular xuddi bir guruhni tashkil qilgandek tarzda yonma-yon joylashgan bo‘ladi.

Xo‘sh, muqaddas Islom dini shariatida cho‘chqadan olingan mahsulotlarga qanday baho berilgan. Muxlis.uz saytida e'lon qilingan maqolada shu haqda so‘z yuritilgan. Barchamizga ma'lumki, Qur'oni Karimning bir necha oyatlarida cho‘chqa go‘shtining haromligi ta'kidlangan. Xususan, Nahl surasida:

«Darhaqiqat, sizlarga o‘limtik, qon va cho‘chqa go‘shti harom qilindi» – deydi (Nahl: 115).

Cho‘chqaning faqatgina go‘shti emas, balki qolgan a'zolari ham harom sanaladi. Alloma Ibn Qoyyim rahimahulloh: «Cho‘chqaning har bir narsasi: go‘shti, yog‘i, terisi, asabi, qo‘llari, ichki a'zolari, miyasi, suyaklari, boshi, biqini, suti va junlarini iste'mol qilish haromdir» – degan.

Terisi oshlash ila pok bo‘lmaydigan hayvonni shar'iy yo‘l bilan so‘yilsa ham, na o‘zi va na go‘shti pok bo‘ladi. Uning halol bo‘lmasligi turgan gap, ammo pok ham bo‘lmaydi. Bunga yorqin misol cho‘chqadir. Butun boshli borlig‘i bilan najas bo‘lgani uchun ham uning hech bir a'zosi hech qaysi amal bilan pok bo‘maydi. Binobarin, cho‘chqaning qayeriga bo‘lsada, tekkan kiyim yoki badanni kamida uch marta yuvib poklash zarur. Ayni chog‘da cho‘chqaning hech bir narsasidan buyum sifatida ham foydalanib bo‘lmaydi. (“Kifoya”).

Demak, cho‘chqa tersidan ishlangan buyumlardan foydalanish, kiyimlarni kiyish harom ekani ma'lum bo‘ldi.

Lekin, hozirda bozor va do‘konlarda turli-tuman teri mahsulotlari bilan bir qatorda cho‘chqa terisidan ishlangan sumkalar, poyafzallar, boringki kundalik foydalanish uchun eng zarur buyumlar ham ko‘payib ketgani hech kimga sir emas. Biz musulmonlar mazkur kiyim va anjomlarni sotib olishda ehtiyot bo‘lishimiz va Alloh harom qilgan narsadan foydalanib qo‘ymaslik uchun hushyor bo‘lishimiz lozim.

Cho‘chqa terisining yana bir belgisi bu teshikchalarning teri yuzasida bir tekis joylashgani. Ba'zi ishlab chiqaruvchilar mazkur teshikchalarni sezdirmaslik uchun ularni berkitishga harakat qiladilar. Bunday charmlar “tekislangan” va  “tozalangan” charm deyiladi. Lekin ularning ba'zi joylarida qolib ketgan uch nuqtali chiziqlar bu cho‘chqa terisi ekanini bildiradi.

Foto: Islam.az

Agarda siz buyumning yorlig‘ida, buyum cho‘chqa terisidan ishlanmagani haqidagi yozuvni ko‘rsangiz, har ehtimolga qarshi yonlarga qarab chiqing. Sababi, ko‘pgina ishlab chiqaruvchilar , buyumlarning chetlari va ko‘z ilg‘amas joylariga cho‘chqa terisi bilan ishlov berishga va bu bilan ishlab chiqarishda tejamkorlik qilishga harakat qiladilar. 

Yana bir farqlash mumkin bo‘lgan eng oddiy jihati bu buyumning narxiga e'tibor berish. Ko‘pincha, arzon narxdagi oyoq kiyimlarning tagcharmi cho‘chqa terisidan ishlangan bo‘ladi. Mazkur maslahatlar sizga halol va pokiza buyumlarni tanlashda asqatadi, deb umid qilamiz.

Foto: Islam.az
Foto: Islam.az

Mavzuga oid