O‘zbekistonda «Halol» standarti joriy etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan «Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida «O‘zstandart» agentligi tomonidan tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida «Halol» standarti qabul qilindi. Bu haqda agentlik Matbuot xizmati xabar beradi.
Agentlik xabarida muqaddas Qur'on karim oyatlaridan iqtibos keltirilgan:
«Ey, insonlar! Yerdagi halol-pok narsalardan yenglar va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz u sizlarning ochiq dushmaningizdir» - Baqara surasi 168-oyat.
Xabarda ma'lum qilinishicha, insoniyat halollikka intilishi tabarruk zamindan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Moturidiy, Imom At Termiziy, Navoiyu, Beruniylar avlodlarini kamolga yetkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
«Olam yaralibdiki, insonga halol, sog‘lom yashash, farzandlarini sog‘lom tarbiyalash ne'mat sifatida buyurilgan. Ekkan daraxtlarimiz, nafas olib turgan havomiz, luqma nonimiz, ichayotgan suvimiz barchasi halol bo‘lishi kerak, deb buyurilgan. Halollikni doimo ta'minlash va kelajak avlodga meros qoldirish dinimiz tomonidan insoniyatga farz qilingan. Shu bois, butun dunyoda oziq-ovqat, suv, kiyim-kechak, sog‘liq va tijorat kabi barcha sohalarda halol ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Halol oziq-ovqat, halol turizm, halol tekstil, halol tibbiyot kabi sohalarni zamonaviy texnologiyalar yordamida aslini yo‘qotmagan holda rivojlantirish va kelajak avlodga meros qoldirishimiz lozim. Biz va avlodlarimiz bu qimmatli ne'matlarning qadriga yetib, halol yeb, halol ichib, halol yashashimiz joizdir. Biz o‘z zimmamizga tushgan vazifani vijdonan bajarishimiz va insoniyatga halollikni uqtirishimiz darkor», deyiladi agentlik xabarida.
«Halol» belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Xitoy, Hindiston, Lotin Amerikasi davlatlari, Yangi Zelandiya va Tailand kabi mamlakatlarda ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, dunyoda musulmon ahlining ortib borishi (taxminan 1,8 mlrd odam, yer aholisining 24 foizi degani) «Halol» belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talabning yanada oshishini ta'minlamoqda.
Shuningdek, Halol turizm industriyasi jadal sur'atlarda rivojlanayotgan soha bo‘lib, bu bozorning yillik hajmi 126 milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda va 2020 yilga borib kamida uch barobar ortishi kutilmoqda.
«O‘zstandart» agentligi tomonidan «Halol» standartining qabul qilinishi, tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va xavfsizligini yuqori standart talablari asosida ta'minlashga zamin yaratadi.
Mavzuga oid
16:14 / 31.08.2024
O‘zbekiston va Malayziya "Halol" sertifikatini joriy etishni muhokama qildi
15:23 / 04.04.2024
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:45 / 15.04.2021
Inson salomatligi uchun xavfli deb topilgan sariyog‘ importiga taqiq qo‘yildi
23:00 / 31.03.2021