Fan-texnika | 20:10 / 09.01.2018
14883
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng katta teleskop uchun oynaning birinchi qismi tayyorlandi

Foto: ESO

Germaniyalik texnologlar va muhandislar 2020 yil boshida E-ELT mega-teleskopiga o‘rnatiladigan 39 metrlik oynaning ilk 6 ta segmentini tayyorlashdi. Bu haqda Yevropaning janubiy observatoriyasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

2016 yil may oyida Chilining Armasones tog‘ida qurilishi boshlangan E-ELT (European Extremely Large Telescope — Yevropaning o‘ta yirik teleskopi) teleskopi 2020 yil o‘rtalarida tarixdagi eng katta optik teleskopga aylanadi. Uning rekord darajada katta oynasi o‘lchami 1,4 metrlik 798 ta oltiburchakli segmentlardan tashkil topadi.

Bu teleskop hozirgi kunda yerdagi va koinotdagi observatoriyalar bajara olmaydigan masalalarni hal qiladi – u ekzosayyoralar suratlarini oladi va sayyoramizga o‘xshash sayyoralarni qidiradi, erta koinot sirlarini o‘rganadi va olisdagi galaktikalardagi yulduzlar suratlarini oladi. Bundan tashqari, olimlar galaktikamizdagi qora tuynuk chekkalari suratlarini olishga va uning aylanish tezligini o‘lchashga harakat qilmoqdalar.

Teleskopning umumiy narxi milliard dollardan oshadi. Bu mablag‘dan katta qismi optik asboblarni yaratishga va observatoriya binosini qurishga sarflanadi. Teleskopning bosh oynasidan tashqari, barcha uskunalarini ishlab chiqish va yig‘ish uning qurilishigacha bajarib bo‘lingan. 

Oynalarning ilk segmentlari Mayntsdagi firmada tayyorlangan. Oynaning qolgan 900 ta segmenti (798 ta asosiy va 100 tadan ko‘proq qo‘shimcha)  Germaniyada keyingi uch yil davomida tayyorlanadi. Zavod har kuni bittadan oyna tayyorlaydi. Ular so‘ngra silliqlash va zarur shakl berish uchun Safran Reosc mutaxassislariga topshiriladi.

 

Mavzuga oid