Jahon | 12:05 / 10.01.2018
8623
2 daqiqa o‘qiladi

Yapon fazogiri koinotda bo‘yi o‘sib ketgani haqidagi xabari feyk ekanligini tan oldi

Foto: RIA Novosti

Dekabr o‘rtalaridan beri Xalqaro koinot stansiyasida qolayotgan yaponiyalik fazogir Norisige Kanai bo‘yi koinotda – vaznsizlik sharoitida 3 hafta ichida 9 santimetrga o‘sgani haqidagi xabari “soxta xabarligini” tan oldi va u uchun uzr so‘radi.

8 yanvarda Kanai tvitterda uning bo‘yi XKSda maktab davridan beri birinchi marta 9 santimetrga o‘sgani va buning uchun bor-yo‘g‘i 3 hafta talab qilingani haqida yozgandi. 

“O‘lchashlardagi xatolik muhokamalarga sabab bo‘ldi – soxta xabar uchun meni kechiring. Belimda va umurtqamda og‘riqlar yo‘q, yelkamdagi og‘riq bosildi (yaponlar uzoq vaqt o‘tirib ishlash va asabiy taranglikdan doimo o‘zi bundan shikoyat qiladilar). Shu sababli hatto men ham, 9 sm.ga o‘sganman, deb o‘ylamayman. Men Yerga qaytishda “Soyuz”ga sig‘masligimdan endi xavotirlanmayapman”, deb yozgan fazogir tvitterda.

Undan avvalroq fazogir bo‘yi o‘sgani haqidagi xabari o‘lchashlardagi xatolik natijasi ekanligini ma'lum qilgandi. Kanaining aytishicha, kema sardori Anton Shkaplerov uning bo‘yi o‘sib ketganiga shubha qilgan: “9 sm.ga o‘sish – bu juda ham ko‘p”, deb aytgan u. Shundan keyin u yaponning bo‘yini qaytadan o‘lchagan va natija 182 sm chiqqan, ya'ni fazogirning bo‘yi koinotda Yerdagiga nisbatan 2 sm.ga cho‘zilgan.

Kanaining tushuntirishicha, vaznsizlik sharoitida uzoq qolganda suyaklar orasidagi oraliq ochilib, odam bo‘yi cho‘ziladi va bu odatda 1-2 sm.ni tashkil qiladi. Ba'zilar bunda bel va umurtqalarida og‘riq sezadilar.

Mavzuga oid