O‘zbekiston | 05:10 / 10.01.2018
13187
9 daqiqa o‘qiladi

Ichki bozorda iste'mol tovarlari va xizmatlar narxlari keskin oshishi oldini olish choralari ko‘riladi

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Dasturning III bobi «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan. Uning Makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolishga bag‘ishlangan dastlabki bo‘limida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan quyidagi chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Taraqqiyotning innovatsion modellarini joriy qilish orqali ilg‘or g‘oya, nou-xaular yaratish va «aqlli» texnologiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan iqtisodiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyiha bilan O‘zbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni modernizatsiya qilish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlanadi. Dasturda:

  • innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishning tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslarini yaratish;
  • iqtisodiyotni boshqarishning yangi mexanizmlarini, zamonaviy va ilg‘or texnologik yondashuvlarni joriy etish;
  • innovatsiyalardan foydalanuvchi, raqamli texnologiyalarni jadallashtiruvchi, muqobil energiya manbalarini joriy qiluvchi, ishlab chiqarishning ekologik toza uslublarini yo‘lga qo‘yuvchilarni rag‘batlantirish mexanizmlari;
  • iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini baholashning innovatsion mezonlarini joriy etish nazarda tutiladi.

Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, mamlakatning investitsion va turistik jozibadorligini oshirish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini kuchaytirish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari.

  • Investitsiyalar hamda turistlarni mamlakatimizga jalb qilishga ko‘maklashishni elchilar faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash;
  • O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalarining har birida savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi shtatini joriy qilish, ularga xos bo‘lmagan funksiya va vazifalarni yuklamaslik choralarini ko‘rish;
  • elchixona xodimlarini lavozimiga qo‘yishda ularning iqtisodiy bilimlarini sinovdan o‘tkazish nazarda tutiladi.

Pul-kredit siyosatini amalga oshirish va uni rivojlantirishning o‘rta muddatli Kontseptsiyasini hamda 2018–2021 yillarda Kontseptsiyani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasini» ishlab chiqish va tasdiqlash, unda bosqichma-bosqich inflyatsiyaviy targetlash rejimiga o‘tish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyiha bilan kontseptsiya va yo‘l xaritasi tasdiqlanadi. Mazkur hujjatlarda pul-kredit siyosatini amalga oshirishning usul va mexanizmlarini xalqaro tajriba hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish, xususan:

  • umumiqtisodiy, soliq-byudjyet va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirish, bunda iqtisodiy o‘sish, davlat byudjyetining balanslashganligi va iqtisodiyotdagi narxlar darajasining barqarorligi bo‘yicha o‘zaro harakatlar va maqsadlarning kelishilganligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratish;
  • likvidlikni boshqarish operatsiyalari bo‘yicha pul-kredit siyosatining samarali qo‘llaniladigan foiz instrumentlari turlarini kengaytirish;
  • tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirishda, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha bozor mexanizmlarini keng joriy etish;
  • ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq makroiqtisodiy tahlil va prognozlashni takomillashtirish;
  • olib borilayotgan pul-kredit siyosatining, jumladan, amalga oshirilayotgan siyosatda qo‘llanilayotgan instrumentlar va yakuniy maqsadlar to‘g‘risida axborot yetkazib berish yo‘li bilan, shaffoflik va prognoz qilish imkoniyatini oshirish kabi muhim vazifalar va ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta'minlash va unga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, jumladan, «mijozlar bank uchun emas, bank mijozlar uchun ishlashi lozim» shiorini keng joriy qilish.

Idoraviy hujjat loyihasi. Loyiha bilan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi. Dasturda:

  • aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ochiqligi va shaffofligini ta'minlash;
  • ko‘rsatilayotgan xizmatlar tartibini soddalashtirish va yangi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda xizmatlar turlarini ko‘paytirish, shu jumladan, masofadan turib xizmat ko‘rsatish turlarini joriy qilish nazarda tutiladi.

2018 yilda mamlakat ichki bozorida iste'mol tovarlari va xizmatlar bo‘yicha narxlarning keskin oshishini oldini olish.

Kompleks chora-tadbirlar dasturi. Dasturda:

  • ichki iste'mol bozoriga asosiy oziq-ovqat va boshqa iste'mol tovarlarining uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlash;
  • iste'mol tovarlari bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchillikni oldindan aniqlash va bu bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish;
  • xom-ashyo va iste'mol tovarlari importi bo‘yicha erkin raqobatni ta'minlash;
  • mamlakat ichki bozorida raqobat muhitini jonlantirib borish va sun'iy ravishda yaratilishi mumkin bo‘lgan taqchilliklarning oldini olish nazarda tutiladi.

Valyuta siyosatini iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan, biznes va investitsiyaviy muhitni yaxshilash maqsadida yangi tahrirda «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish.

O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi. Loyihada:

  • xalqaro tajribani chuqur o‘rganish asosida hamda tadbirkorlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda, valyuta operatsiyalarini tartibga solishni soddalashtirish;
  • valyuta bozori faoliyatini yanada takomillashtirish va erkinlashtirish kabi muhim vazifalar nazarda tutiladi.

Innovatsion texnologiyalarga asoslangan hamda bank xizmatlarining sifatini va ulardan foydalanish imkoniyatlarini oshiruvchi bank xizmatlarining yangi turlarini, xususan  «raqamli banklar»ni, shuningdek, aholiga chakana xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan banklarni tashkil etish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada «raqamli banklar» va aholiga chakana xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan banklarning tashkiliy-huquqiy asoslari, shu jumladan, ularning faoliyat yuritish tartibi, litsenziya talab va shartlari nazarda tutiladi.

Innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llagan holda yetakchi xorijiy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashgan zamonaviy chakana to‘lov tizimlarini rivojlantirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada yetakchi xorijiy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashgan zamonaviy chakana to‘lov tizimlarining (Visa, Mastercard, Union Pay va boshqalar) tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish va ularning faoliyat yuritish mexanizmlari belgilanadi.

Fond bozorini rivojlantirish, sohada davlat boshqaruvini tubdan isloh qilish, davlat organlarining bir-birini takrorlovchi hamda ortiqcha nazorat funksiyalarini bekor qilish va moliya bozori uchun yagona davlat organini tashkil etish.

Normativ-hujjatlar loyihalari. Loyihalarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Davlat raqobat qo‘mitasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari hamda Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi negizida moliya bozorini rivojlantirish bo‘yicha mustaqil davlat organini tashkil etish nazarda tutiladi.

Aholining bo‘sh pul mablag‘larini iqtisodiyotning real sektoriga jalb qilish maqsadida korxonalar tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarni sotib olishni rag‘batlantirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada aholining bo‘sh pul mablag‘larini iqtisodiyotning real sektoriga jalb qilishni rag‘batlantirishni ta'minlash uchun qimmatli qog‘ozlarni sotib oluvchi jismoniy shaxslarni daromad solig‘idan ozod etish nazarda tutiladi.

Aholining bo‘sh pul mablag‘larini fond bozoriga jalb qilish orqali ularning real daromadlarini oshirishga hamda fond bozorini rivojlantirishga erishiladi.

Byudjyet daromadlari va xarajatlarini xalq uchun ochiq va oshkora bo‘lishini ta'minlash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi. Loyihada davlat byudjyeti va byudjyetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining daromadlari va xarajatlarini xalq uchun ochiqligi hamda shaffofligini ta'minlash, byudjyetnoma muhokamasida jamoatchilik fikrini inobatga olishga qaratilgan aniq mexanizmlar nazarda tutiladi.

Milliy standartlarning xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuvi jaryonini jadallashtirish.

Chora-tadbirlar dasturi. Dasturda:

  • eksportni yanada rag‘batlantirish maqsadida texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish;
  • respublikada amalda bo‘lgan 21.586 ta standartlarni ilg‘or mamlakatlarda joriy etilgan xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish;

tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni «o‘zbek brendi» nomi bilan olib chiqishdan iborat aniq tadbirlar nazarda tutiladi.

Mavzuga oid