O‘zbekiston | 00:10 / 10.01.2018
11547
3 daqiqa o‘qiladi

«Dunyo bo‘ylab» kanalining «Turizm 365» kanaliga o‘zgartirilishi​ kutilmoqda

O‘zbekiston bo‘ylab doimiy sayohatga boradigan fuqarolar uchun soliq imtiyozlarini yaratish hamda mamlakatda ichki turizmini yanada rivojlantirish maqsadida ish rejasi jamoatchilik bilan muhokama qilinmoqda. Shuningdek, ushbu maqsadlar qatorida O‘zMTRK «Dunyo bo‘ylab» kanalining «Turizm 365» kanaliga o‘zgartirilishi rejaga kiritilgan. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov so‘zlariga tayangan holda Kun.uz muxbiri xabar berdi.


«Ayni paytda sayyohlik madaniyatini yuksaltirish borasida ko‘p ishlar qilinishini talab etmoqda. Buning uchun biz barchamiz birgalikda harakat qilishimiz lozim. Shu o‘rinda har bir soha vakillari uchun alohida yo‘nalishlar ko‘rsatishimiz mumkin», deb ta'kidlagan qo‘mita raisi 9 yanvar kuni tashkillashtirilgan yig‘ilishdagi nutqi davomida.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Musulmonlar idorasiga «Ziyorat turizmi» bo‘yicha birinchi hafta Imom Al-Buxoriyni, keyingi hafta Zangiotani va yana boshqa islom ulamolarini qabri va madrasalarini ziyorat qilishga targ‘ib etishda qo‘llanuvchi (jami 52 hafta uchun mo‘ljallangan) materiallardan foydalanish tavsiya etilgan.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkiloti yoshlarimiz uchun tog‘ sporti turizmini tashkil etishi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Xalq ta'lim vazirligi uchun turizm bo‘yicha fan tashkil etishlari, kollej o‘quvchilariga esa industrial tur joriy etish, Ichki ishlar vazirligi xodimlarining oilaviy turlarini tashkillashtirish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi «har bir tashkilotning o‘zida tur firmalar» ochish kerakligini o‘z nutqida bildirib o‘tdi.

«​Boshqa soha vakillari esa o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, targ‘ibot ishlarini amalga oshirsa, nur ustiga a'lo nur bo‘ladi. Bu esa har bir sohada ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘llanmalar yaratishni taqozo etmoqda.

Shuningdek, tashkilotlar nomidan yuboriladigan vakillar uchun 50 % chegirma qilib berish (mehmonxona, transport va kafe-restoranlar uchun), shu bilan bir qatorda mamlakatimiz bo‘ylab doimiy sayohatga boradigan fuqarolarimiz uchun soliq imtiyozlari yaratish hamda eng muhimlaridan biri «Dunyo bo‘ylab» kanalining «Turizm 365» kanaliga o‘zgartirilishi ham rejaga kiritilgan. Bir so‘z bilan aytganda, turizm milliy g‘oyaga aylanishi lozim!»​, deya ta'kidlab o‘tdi qo‘mita raisi.

Mavzuga oid