Jamiyat | 23:00 / 11.01.2018
66108
6 daqiqa o‘qiladi

Bog‘cha tarbiyachisi qo‘pol munosabati uchun ishdan haydaldi (video)

Shu kunlarda "Feysbuk" ijtimoiy tarmog‘ida bog‘cha tarbiyachisining bolaga bo‘lgan qo‘pol munosabati borasidagi videolavha tarqaldi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati «Kun.uz»ga ma'lum qilishicha, vazirlik ushbu hodisaga e'tibor qaratdi va tegishli choralar ko‘rdi.

Vazirlik va maktabgacha ta'lim muassasalari Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan bu holatga darhol munosabat bildirilib, unga aniqlik kiritish va chora ko‘rishni Maktabgacha ta'lim vaziri Agrepina Shin shaxsan o‘z nazoratiga olgan.

«Maktabgacha ta'lim vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlikning Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi mutasaddilari, Toshkent shahar bosh boshqarmasi rahbariyati, Uchtepa tuman maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘limi mutassadilari, Uchtepa tumanidagi 20-sonli bolalar bog‘chasi mudirasi va tarbiyachilari, shuningdek, tarbiyalanuvchi va uning ota-onasi ishtirokida tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Aniqlanishicha, Sadoqat Qurbonovna Rahmatullayeva 2017 yilning aprel oyida Uchtepa tumanidagi 20-maktabgacha ta'lim muassasasiga tarbiyachi vazifasiga ishga qabul qilingan. Ma'lumoti o‘rta-maxsus. Bog‘cha mudirasi va bolaning ota-onasi bilan bo‘lgan suhbatdan shu narsa ma'lum bo‘ldiki, Rahmatullayeva faoliyati davomida o‘z tarbiyalanuvchilariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan (haqoratli so‘zlar bilan so‘kish, jismoniy kuch ishlatish, tahdid qilish, masxara qilish) va bu borada ota-onalar tomonidan bir necha bor shikoyatlar ham kelib tushgan. Bog‘cha mudirasi bir necha bor ota-onalar va uchastka noziri ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, bayonnoma tuzgan bo‘lsa-da, aksariyat ota-onalar Rahmatullayevani o‘z ishida qoldirishni iltimos qilishgan. Shu bois aniq dalil yo‘qligi tufayli bu holatlarga barham berish orqaga surilavergan. Ushbu gumonlar va gap-so‘zlarga chek qo‘yish maqsadida, bog‘cha mudirasi N.Isayeva o‘z tashabbusi bilan guruhlarda videokuzatuv kamerasini o‘rnatgan. Shu bois S.Rahmatullayevaning keyingi bahonalari kor bermaydi.

Sodir bo‘lgan noxush voqeaning tafsilotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning 8 yanvar kuni tarbiyachi Rahmatullayeva guruh tarbiyalanuvchisi M.A.ni (2011 yilda tug‘ilgan) jahl bilan devorga itarib yuborgan va bola zarbdan yiqilgan. Sadoqat Rahmatullayeva esa tarbiyachining ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, «Yugurib yurgan bolangiz o‘zidan-o‘zi muvozanatini yo‘qotib yiqildi», deb bahona qilgan.

Ota-ona ushbu voqeaga aniqlik kiritish maqsadida 2018 yilning 9 yanvar kuni bog‘cha mudirasiga shikoyat qilgan. Bog‘cha mudirasi Nilufar Isayeva masalaga aniqlik kiritish maqsadida video kuzatuvdagi tasvirlarni ularga ko‘rsatgan.

G‘azab otiga mingan ota-ona ushbu holatni qo‘l telefonlariga yozib olishgan va mazkur tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarga tarqab ketgan.

Yuqorida ta'kidlangandek, aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Maktabgacha ta'lim vaziri A.Shin boshchiligidagi komissiya tomonidan muhokama qilinib, quyidagi choralar ko‘rilgan: Tarbiyachi S.Rahmatullayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-bandiga binoan joriy yilning 10 yanvaridan bekor qilingan.

Tarbiyalanuvchi M.A.ning hozirda umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lishiga qaramay, Maktabgacha ta'lim vaziri tomonidan bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va kerakli muolajalarni bepul tashkil etib berish yuzasidan MTMning Toshkent shahar bosh boshqarmasiga ko‘rsatma berildi.

Uchtepa tumanidagi 20-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi N.Isayeva jamoa o‘rtasida shunday holatni keltirib chiqargani uchun unga nisbatan xayfsan jazo chorasi qo‘llandi», deyiladi xabarnomada.

Bog‘cha mudirasi xayfsan bilan qutilib qolganiga izoh berilgan.

«N.Isayeva 2016 yilning may oyida ushbu bog‘chaga mudiralik lavozimiga tayinlangan. Qisqa muddat bo‘lishiga qaramasdan bog‘chadagi shart-sharoitlar yaxshilanishida bosh-qosh bo‘lgan. Mazkur noxush holatning oldini olish maqsadida, mudira N.Isayeva bir necha bor tarbiyachi S.Rahmatullayevani ogohlantirgan va ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizani yozishni talab qilgan. Ammo tarbiyachining «yuqori» organlarda faoliyat ko‘rsatayotgan qarindoshlari mudira N.Isayevga bosim o‘tkazishgan. Bu borada huquqni muhofaza etuvchi idoralar o‘z xulosalarini beradi degan umiddamiz», deyilgan xabarda.

«Maktabgacha ta'lim vazirligi ushbu holatga befarq bo‘lmagan fuqarolarimizga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Aynan jamoatchilik tomonidan bong urilgan mazkur holat bizning tezkor munosabatimizga sabab bo‘ldi.

Yana bir ma'lumot, tarbiyalanuvchi M.A.ning ota-onasi bu holat yuzasidan ichki ishlar idoralariga shikoyat qilishgan. Maktabgacha ta'lim vazirligi voqealar rivojini kuzatib boradi, va S.Rahmatullayevaga o‘xshagan xodimlarning tizimda ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi.

Sobiq tarbiyachi S.Rahmatullayeva uch farzandning onasi bo‘la turib, o‘z kasbiga shu qadar sadoqatsizligi barchani taajublantirishi tabiiy hol. Eng muhimi, har bir tarbiyachi, avvalo, ona va ayol ekanligini yodda tutishi lozim. Mazkur holat oilada ham maktabgacha ta'lim muassasida ham bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan, bu noxush holat boshqalarga ham o‘rnak bo‘lishiga umid qilamiz», deyiladi Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid