Jahon | 08:41 / 11.01.2018
4920
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShda zavod qurmoqchi bo‘lgan Toyota va Mazda’ni maqtadi

Foto: AP Photo / Luis M. Alvarez

AQSh prezidenti Donald Tramp Alabama shtatida yangi avtomobil zavodi qurmoqchi bo‘layotgan, Yaponiyaning Toyota va Mazda kompaniyalari qarorini maqtadi.

“Soliqlar kamaytirilishi va tartibga solishning soddalashtirilishi Amerikani investitsiyalar uchun ajoyib joyga aylantiradi! Ajoyib yangiliklar: Toyota va Mazda  Alabamada 4 mingta yangi ish o‘rni yaratib, 1,6 mlrd dollar investitsiya qilishlarini e'lon qildilar, bu esa iqtisodiyotimizning yanada o‘sishiga yordam beradi!”, deb yozgan Tramp tvitterda.

Yapon kompaniyalari 10 yanvarda Alabamada yiliga 300 mingtagacha Toyota Corolla mashinalarini ishlab chiqarmoqchi ekanliklarini e'lon qilganlar. Zavod 2021 yildan ishlay boshlaydi. Shtat yapon kompaniyalariga yuzlab million dollarlarga soliq imtiyozlari taklif qilgan, bu esa shtatga zavod qurilishiga da'vogarlik qilgan boshqa shtatlarni “dog‘da qoldirishga” imkon bergan.  

Oxirgi yillarda bir qator avtomobil kompaniyalari sanoat jihatidan ancha rivojlangan shimoliy shtatlarlarga nisbatan ishchi kuchi arzon turadigan janubiy shtatlarda zavodlar barpo etganlar.

AQShda yangi ish o‘rinlarini yaratish Tramp saylovoldi kampaniyasida bergan eng muhim va'dalaridan biri hisoblanadi. Tramp prezidentligining birinchi yilida bir qator kompaniyalar AQShda korxonalar ochgan yoki AQSh soliq nazoratiga qaytgan. Biroq tanqidchilarning ta'kidlashicha, bu ko‘pincha Tramp e'tiborini jalb qilib, undan bepul reklama olish uchun hamda uning tanqididan qochish uchun amalga oshiriladi. 

Trampning ta'kidlashicha, yaqinda qabul qilingan soliq islohoti AQShga ishchi o‘rinlarini qaytarishni va trillionlab dollarlik investitsiyalarni ta'minlaydi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid