O‘zbekiston | 21:50 / 12.01.2018
5582
2 daqiqa o‘qiladi

Ozon qatlamini buzuvchi moddalarni o‘zida jamlagan mahsulotlar importi va eksporti tartibga solinadi

Foto: Fotolia

O‘zbekistonda ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish Milliy dasturi bosqichma-bosqich bajarilmoqda, tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, davlat tomonidan tartibga solish ishlari soddalashtirilmoqda. Bunday moddalar va tarkibida shu moddalar bo‘lgan mahsulotlarning importi va eksportini davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish maqsadida 2018 yilning 9 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi 17-sonli qarorni qabul qildi. Unga muvofiq, sovutgich, muzlatish kameralari, havo quritgichlar,  konditsioner va issiqlik nasoslari, yengil va yuk avtomobillaridagi konditsionerlar va shu kabi tarkibida ozonni buzuvchi moddalar bo‘lgan mahsulotlarni import va eksport qilish maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Mazkur talablar notijorat maqsadlarga mo‘ljallangan va tadbirkorlik faoliyatiga mo‘ljallanmagan, tarkibida ozonni buzuvchi moddalar bo‘lgan mahsulotlarning importi va eksportini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida shu moddalar bo‘lgan mahsulotlarning import va eksporti uchun ruxsatnomalar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan beriladi.

Hujjatning to‘liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishishingiz mumkin.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid