Jahon | 14:50 / 12.01.2018
6641
3 daqiqa o‘qiladi

Shotlandiyaning eng mashhur alkogolsiz ichimligi o‘z retseptini almashtiradi, iste'molchilar norozi

Foto: Shutterstock

Yanvar oyi boshida Britaniyaning A. G. Barr kompaniyasi mashhur shotland ichimligi - "Ayrn-Bryu" retseptini o‘zgartirishi haqida e'lon qildi. Gazli ichimlikdagi shakar miqdori 50 foizga kamaytiriladi, 0.33 litr hajmli bankadagi ichimlik kaloriyasi esa 140 dan 66 gacha pasayadi. 

"Ayrn-Bryu" — Shotlandiyadagi eng mashhur sodali ichimlik, butun Buyuk Britaniyada esa mashhurligiga ko‘ra uchinchi o‘rinda. U 1901 yildan buyon Barr oilasi tomonidan ishlab chiqariladi. Aksariyat ichimlikni "Shotlandiyaning milliy boyligi" deb ataydi. 

Iste'molchilar eski retsept bo‘yicha ishlab chiqarilgan "Ayrn-Bryu"ni sotib ola boshlashdi. Yangi "Ayrn-Bryu" yanvar oyi oxirigacha sotuvga chiqadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ichimlikni 100-200 bankalab xarid qilayotganlarni ko‘rishgani haqida aytishmoqda. Tvitter foydalanuvchilari eski retsept himoyasiga maxsus xeshteg ham chiqarishdi — #SaveIrnBru ("Ayrn-Bryu"ni qutqaring). Teg bo‘yicha tvitlarda ichimlikni xush ko‘ruvchilar "Ayrn-Bryu" akkaunti bilan bahslashib, "parhezli ichimlik"ni ichmasliklarini ta'kidlashmoqda. 

Shotlandiyaning Er Rayan shahrida yashovchi Allan ismli kishi A. G. Barr'ni "Ayrn-Bryu" retseptini o‘zgartirmaslikka chaqiruvchi petitsiyani yaratdi. Bugunga qadar u 43 mingdan ziyod kishi tomonidan imzolandi. Allan gazli ichimlik ishlab chiqaruvchilari qanday bosim ostida qolganliklarini tushunishini qayd etgan, biroq uning so‘zlariga ko‘ra, yangi "Ayrn-Bryu" ichgandan ko‘ra "shakarga soliq" to‘lagan yaxshi.

A. G. Barr o‘z o‘rnida, ichimlik ta'mi o‘zgarmasligini ta'kidlamoqda. Gazli ichimlik sir tutiluvchi klassik retsept bo‘yicha ishlab chiqariladi - shunchaki undagi shakar miqdori kamroq bo‘ladi. Kompaniyada ma'lum qilinishicha, testlar davomida iste'molchilar eski va yangi retseptdagi  "Ayrn-Bryu" o‘rtasidagi farqni sezishmagan. 

Yangi retsept kompaniyaga ishlab chiqarishda shakar miqdorini kamaytirish va unga to‘lanadigan soliqni chetlab o‘tish imkonini beradi. 2018 yilning aprelida Buyuk Britaniya hukumati shirin gazli ichimliklarga aksizlar kiritishni rejalashtirmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining fikricha, "shakar solig‘i" semizlik va diabetga qarshi kurashda yordam beradi. Bunday choralar Meksika, Vengriya, shuningdek AQShning alohida shtatlarida amalda qo‘llaniladi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid