Toshkent IIBB «mardikor ovlash» bilan shug‘ullangan xodimlari haqidagi xabarni rad etdi
Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi bir qator nashrlarda Yashnobod tumanida joylashgan byuroda Yashnobod tumani IIB xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan noo‘rin xatti-harakatlar sodir etilayotganligi bo‘yicha xabarlarga raddiya bildirdi.
Xususan, xabarda hududdagi IIB xodimlari mardikor ayollardan sigaret, «Kola», tushlik yoki kechki ovqat uchun kolbasalarning pulini undirib olishi, pul bermaganlarni avtobusga tiqib, «Panelniy»ga olib ketib, pasport rejimini buzganlik uchun eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha jarima yozib, keyin qo‘yib yuborishlari haqida so‘z yuritilgan.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan ushbu holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.
«Internet nashrdagi xabarlar bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir va Yashnobod tumani IIB xodimlari tomonidan poytaxtimizga pul topish maqsadida kelgan respublikamiz fuqarolariga nisbatan ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan go‘yoki o‘tkazilayotgan tazyiq hamda fuqarolarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish kabi holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Shuningdek, mavjud bo‘lgan 3ta videoyozuvlarda so‘zlagan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ular bilan O‘z xavfsizlik xizmati xodimlari suhbatlashdi. O‘tkazilgan suhbat davomida, video yozuvlardagi ayol kishi o‘z intervyusida bayon etgan ichki ishlar organlari xodimlarining noo‘rin xatti-harakatlari bevosita unga nisbatan sodir etilmagani, bu kabi holatlarni ko‘rmagani, ushbu ma'lumotlarni faqatgina boshqa fuqarolardan eshitgani ma'lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, video yozuvlardagi erkak kishi keltirib o‘tgan holatlardagi ichki ishlar organlari xodimining shaxsi aniqlanib, surishtiruv davomida fuqaro va xodimning vajlarida qarama-qarshiliklar mavjudligi sababli, holatga qonuniy baho berilishini ta'minlash maqsadida, to‘plangan hujjatlar prokuratura idoralariga yuborildi», - deyiladi IIBB xabarida.
Ta'kidlanishicha, agarda qaysi bir ichki ishlar idoralari xodimi o‘z xizmat mansabini suiiste'mol qilib, fuqarolarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan bo‘lsa, u holda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi qabulxonasiga yozma yoki og‘zaki murojaat qilishi mumkinligi bildirilgan. «Biz holatni o‘rganib chiqib, agarda xodim aybdor bo‘lsa, unga nisbatan ma'muriy, kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlik ham qo‘llashga tayyormiz. Zero, Qonun hamma uchun barobardir», - deya ma'lum qilgan IIBB.
Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet tarmog‘idagi axborot portallarida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qonun buzilishi holatlari to‘g‘risida berilgan ma'lumotlar yuzasidan xolisona tekshiruvlar o‘tkazilishini, har bir xabarning haqqoniyligini, xabar berayotgan fuqarolarning shaxsi atroflicha o‘rganib chiqilishini va yakunida qonuniy baho berilishini kafolatlashini bildirdi.
Mavzuga oid

07:47 / 15.06.2021
Toshkentda IIBB xodimi va ichki ishlar bo‘limiga kelgan fuqarolar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi

17:34 / 20.05.2021
Bo‘stonliqda Toshkent shahar IIBB xodimi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

12:01 / 06.05.2021
Ravshan Sultonxo‘jayev Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlandi

18:05 / 24.04.2021