Jahon | 23:33 / 13.01.2018
16631
2 daqiqa o‘qiladi

JARda irqiy yozuvli sviter sababli H&M do‘konlari ostin-ustun qilindi

Foto: Flickr / tania_mini

JARda irqchilik bilan bog‘liq mojaro sababli H&M kompaniyasi do‘konlari ostin-ustun qilindi. Bu haqda eNCA telekanali xabar bermoqda.  

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, gap Yoxannesburgdagi va Pretoriyadagi do‘konlar haqida ketmoqda. Telekanal tomondan namoyish qilingan fotosuratlar va videoda odamlar do‘konlarga yopirilib kirib, u yerni ostin-ustun qilayotganlarini ko‘rish mumkin. Voqea joyiga politsiyachilar yetib kelgan.

Bunga esa avvalroq kompaniya bolalar kiyimlari to‘plami reklamasidagi suratni chop etgani sabab bo‘lgan. Suratda qora tanli bola egnida “Junglidagi eng zo‘r maymun” degan yozuvli sviterda tasvirlangan. Ushbu surat ko‘plab tanqidlar keltirib chiqargan, kompaniya irqchilikda ayblangan. Reklama o‘chirib tashlanib, kompaniya o‘z uzrini keltirishiga qaramasdan, ushbu voqea atrofidagi mojaro bosilmayapti. 

Ma'lum qilinishicha, ushbu hodisaga qarshi butun JAR bo‘ylab noroziliklar uyushtirgan “Iqtisodiy erkinlik uchun kurashuvchilar” harakati yetakchilaridan biri “irqchilikka jismoniy qarshilik ko‘rsatgan” namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan.   

Suratdagi bolaning onasi tanqidchilarni o‘zlarini bosib olishga va ushbu surat atrofida o‘rinsiz mojaroni avj oldirmaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid