O‘zbekiston | 19:50 / 19.01.2018
65358
3 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be fojiasi qurbonlarining shaxsini aniqlashtirish ishlari Toshkentda davom ettirilishi mumkin

Qozog‘istonning Aqto‘be oblastida ro‘y bergan hodisa oqibatida halok bo‘lgan 52 kishidan 32 nafarining shaxsi aniqlashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«O‘zbekiston Prezidentining qaroriga muvofiq 2018 yil 18 yanvar kuni Favqulodda vaziyatlar vaziri Rustam Jo‘rayev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan hodisa natijasida jabrlangan va halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini vataniga yetkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni hal etish maqsadida Aqto‘be shahriga kelgan edi. O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari avtobusdagi yong‘indan omon qolgan hamyurtlar davolanayotgan viloyat intensiv terapiya klinik shifoxonasida bo‘ldi», deyilgan xabarda.

Ma'lum qilinishicha, shu kuni Aqto‘be viloyat hokimligida Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi, Investitsiya va rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qozog‘istonning boshqa xizmatlari rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston delegatsiyasining amaliy yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Yerlan Turgumbayevning ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtga kelib halok bo‘lganlarning 32 nafarining shaxsi aniqlashtirildi va yong‘inni oldini olish guruhi tomonidan avtobusdagi yong‘in sabablari o‘rganilmoqda.

Bundan avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vafot etgan o‘zbekistonliklarning birlamchi ro‘yxatini e'lon qilgan edi. Ushbu ro‘yxatda 28 kishi nomi keltirilgan va ularning barchasi Namangan viloyatidan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri Rustam Jo‘rayev boshchiligidagi maxsus komissiya Qozog‘istonda bo‘lib turibdi. Qolgan marhumlarning shaxsini aniqlash jarayoni O‘zbekistonda davom ettirilishi mumkin.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi konsuli Shuhrat Koshaboyevning ma'lum qilishicha, qolgan jasadlar shaxsini aniqlash uchun DNK-ekspertiza talab etiladi. U bu jarayon ko‘p ehtimol bilan Toshkentda davom ettirilishini aytgan.

«DNK-ekspertiza o‘tkazishga zarurat bor. Shuningdek, bu jarayonni qayerda o‘tkazish masalasini hal etish kerak. Ko‘p ehtimol bilan O‘zbekistonda. Chunki, marhumlarning qarindoshlari bu yerga kela olmaydi, ularning barchasi O‘zbekistonda yashaydi», — deya uning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Mavzuga oid