O‘zbekiston | 12:15 / 19.01.2018
12816
4 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar idorasi Aqto‘be fojiasi qurbonlari oilalariga hamdarlik bildirdi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rahbariyati 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan fojia oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning oila a'zolari, yaqinlari va qarindoshlariga hamdardligi va ta'ziyasini bildirdi.  

الحمد لله الذي قدر آجال العباد، وكتب أعمارهم قبل موالدهم،  وقال

 وَلِكُلِّ أُمَّةٍ أَجَلٌ فَإِذَا جَاءَ أَجَلُهُمْ لَا يَسْتَأْخِرُونَ سَاعَةً وَلَا يَسْتَقْدِمُونَ

، والصلاة والسلام على سيد الأنبياء وإمام الحنفاء محمد بن عبدالله وآله وأصحابه النجباء

Muhtaram jamoat! 
2018 yil 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan fojiadan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi katta qayg‘uda. Ko‘plab yurtdoshlarimiz o‘limiga olib kelgan ushbu voqea munosabati bilan halok bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, ulamolar va imom-domlalar tomonidan halok bo‘lganlarning oila a'zolariga hamdardlik bildirish, masjid-madrasalarimizda xatmi Qur'onlar o‘qib, ruhi poklariga baxshida qilish va yaqinlariga tasalli berish kabi savobli ishlar boshlandi.

Azizlar, mash'um fojiada halok bo‘lganlarning haqlariga duolar qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning insoniy burchimizdir. Inson qachon, qayerda va qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi aytilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida kishi suvga g‘arq bo‘lib, o‘tda kuyib, tom ostida qolib, ayol kishi tulg‘oq paytida vafot etsa, shahidlik maqomini topishini aytganlar.

Dinimizda o‘tganlarni eslash, ularga duoyi xayrlar qilish mo‘minlik haqlaridan hisoblanadi. Qur'oni karimda shunday deyilgan:

وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ

وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ  

ya'ni: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10-oyat)

Shunday ekan ushbu fojiada vafot etgan yurtdoshlarimizning haqlariga duo qilib, Yaratgan Parvardigordan ularning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘raymiz. Ularning oila a'zolari va yaqinlarining musibatlariga sherik ekanimizni bildirgan holda sabru jamil tilaymiz.

Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.

 

O‘zbekiston musulmonlari 
idorasi raisi, muftiy                                                 Usmonxon Alimov

Mavzuga oid