O‘zbekiston | 23:20 / 25.01.2018
11089
3 daqiqa o‘qiladi

Endi shoshilinch tibbiy yordam Call-markazlarida oddiy fuqarolar emas, shifokorlar o‘tiradi

Shoshilinch yordam ko‘rsatish xizmatlarining Call-markazlarida shu kunga qadar oddiy fuqarolar, turli kasb egalari o‘tirardi. Prezidentning yangi qaroriga muvofiq esa, endi u yerda shifokorlar o‘tiradi. KUN.UZ muxbiri Prezident maslahatchisi Rustam Qosimovning 25 yanvardagi brifingda bergan ma'lumotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Shifokorlarning qo‘lida bugunga qadar uyali telefonlar qo‘llanilib kelyapti. Endi esa GPS-moslamalari qo‘yiladi - uyali telefonlarning o‘rniga O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan ratsiyalar ishlatiladi. Ratsiyalar joriy qilinganda qo‘ng‘iroqlarni chegarasiz qabul qilish imkoniga ega bo‘linadi. Buning natijasida tez tibbiy yordam ko‘rsatish muddati sezilarli darajada qisqaradi", - deydi R.S.Qosimov. 

Davlat maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish muddatni qisqartiruvchi yana bir omil -  ratsiyalarda shifokorlarning o‘tirishi va ularning eng yaqin masofadagi qaysi shifoxonada muayyan bemor uchun kerakli mutaxassis borligini yaxshi bilishi va to‘g‘ri yo‘naltira bilishida. 

Ma'lum qilinishicha, Call-markazlar 2018 yilda Toshkent shahri va viloyatlar markazida, 2019 yilda esa butun respublikani qamrab oladi va yil yakuni bo‘yicha barcha viloyatlarda hamda Toshkent shahrida bu 103 tez yordamiga aylanadi. Bunga qadar aloqa xizmati yo‘lida mavjud bo‘lgan to‘siqlar bartaraf etiladi. 

Bundan tashqari, R.Qosimov respublikadagi barcha tibbiyot muassasalari hayot uchun xavfli damlarda shoshilinch tibbiy yordam so‘raganlarga bepul xizmat ko‘rsatishlari zarur  ekanini ta'kidladi. 

"Ko‘p xususiy klinikalarimiz bor, ayrim hollarda ularni shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun chaqirsak, "pulli xizmat ko‘rsatamiz" deyishadi. Ayrimlari paysalga solishadi. Hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarda tibbiyot muassasalariga shoshilinch tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish taqiqlanadi. Qarorning tegishli bandida Adliya vazirligiga shu talabning ijrosi va mas'uliyatini oshirish topshirig‘i berildi", deydi davlat maslahatchisi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid