Sport | 14:20 / 01.02.2018
10314
14 daqiqa o‘qiladi

Bir turda 2 marta mag‘lub bo‘lgan Jiru, Sanchesning omadsiz debyuti. Angliyada tur voqealari

«Tribuna» Angliya chempionatining 25-turidagi asosiy voqealarga to‘xtaladi.

Odatiy har qanday ligada peshqadamning «Manchester Siti» kabi ustunlikka ega bo‘lishi, intrigani ham, qiziqishni ham tushirib yuborishi tayin, ammo boshqa top-klublarning yanvar oyida transfer bozoridagi harakatlarini ko‘rib, mavsum endi boshlanayotganini his qilish mumkin. Sababini, kechagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Antonio Konte ham aytdi, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlarni egallash jamoa uchun muvaffaqiyat sanalar ekan.

Angliyada aynan Konte kabi fikrlayotgan yana besh murabbiy bor va ular mag‘lub bo‘lmoqchi emas. «Arsenal» «Yunayted»ga ketgan Sanchesning o‘rniga Obemeyang, Mxitaryan kabi bir qator e'tiborli transferlarni amalga oshirdi, O‘zil bilan yangi shartnoma imzoladi. «Tottenhem»ning kechagi dahshatli o‘yiniga Lukas Mourani ham qo‘shing. «Chelsi» Barkli, Jiru va Emersonni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi, «Liverpul» Virjiyl van Deykni rekord summaga sotib oldi.  Bunday o‘zgarishlar hatto yozgi transfer darichasi uchun ham ko‘plik qiladi, ishonavering.

Boshi-yu oxirini atigi 5 ochko ajratib turgan 4 jamoa uch o‘rin uchun kurashadi va tabiiyki, «Arsenal» ham iddaosidan voz kechgani yo‘q. Ana endi, eng qizig‘i boshlanyapti.   

AUTSAYDeR KIM?

Foto: Premer liga

Ushbu mavsum chempioni turdan turga naqadar aniqlashib borayotgan bo‘lsa, autsayder masalasida barchasi chigal. Mavsum davomida hech qaysi klubni ligani tark etishi mumkin bo‘lgan yaqqol da'vogar sifatida ko‘rsatib bo‘lmaydi.  20-turdan keyin qizil zonada qolgan «Suonsi» va «Bornmut»ning ahvoli u qadar yaxshi emasdek tuyulgandi. Endichi?

«Suonsi» keyingi besh turda 10 ochko jamg‘ardi va so‘nggi o‘rinni tark etdi. «Bornmut» esa, qatorasiga besh o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayapti. Bu natijalar go‘yoki, juda imkonsiz tuyulgan taqvim ostida ro‘y berayotganini ta'kidlash kerak – «Suonsi» o‘z maydonida qatorasiga ikki o‘yinda, «Liverpul» va «Arsenal» ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Bornmut» ham «Arsenal»ni, ham «Chelsi»ni mag‘lub etishning uddasidan chiqdi.

Hozirda so‘nggi o‘rinda borayotgan «Vest Bromvich»ning Angliya kubogida Liverpulda g‘alaba qozonganini ham e'tiborga olsak, potensial jihatidan ligada yaqqol autsayderning yo‘qligini tan olishga majburmiz.

Endilikda, turnir jadvalining ikkinchi yarmida borayotgan 11 klubning barchasi o‘zini bemalol his qila olmaydi. Axir 11-o‘rindagi «Uotford»ni xavfli zonadan atigi 4 ochkolik farq ajratib turibdi xolos.

POGBA QAYeRDA O‘YNAShI KeRAK?

Foto: Sky Sports

Kecha, ingliz jurnalistlarining e'tibori «Tottenhem»ga qarshi o‘yin paytida Pol Pogbani koyiyotgan Joze Mourinoga qaratildi. Portugaliyalik mutaxassis shogirdining himoyalanishda o‘z pozitsiyasini yo‘qotib qo‘yayotganidan norozi bo‘layotgandi.

Umuman fransiyalik yulduzning himoyalanishdagi xatolari haqida mavsum boshidan beri aytilib kelinmoqda, ammo hamma ayb futbolchidami? Tabiatan bunday vazifalarga mos bo‘lmagan Pogbaning tayanch zonasida Matichga sherik sifatida tanlanishi qanchalik to‘g‘ri?

Himoyalanuvchi jamoalarga qarshi bu sxema yaxshi ish beradi, Pogba ko‘proq to‘p bilan muomala qilishi va hujumlarni boshlashi mumkin. Lekin «Tottenhem» kabi kuchli jamoalarga qarshi Pogba biroz erkinroq va oldinroqda o‘ynashi maqsadga muvofiq bo‘lardi, balki. Pogba aynan ikki markaziy yarim himoyachining oldida harakat qilgan o‘yinlarda yanada foydaliroq bo‘lgandi. Misol uchun, «Arsenal» bilan o‘yinda uch himoyachi sxemasi, «Everton» bilan safardagi o‘yinda esa, Pogba ikki tayanch yarim himoyachining oldida to‘p surgan – bu o‘yinlarda «MYu» g‘alaba qozonibgina qolmay, Pogba 4 golli uzatmani amalga oshirgandi.

Albatta, Mourino bu farqni payqamasligi mumkin emas, shunchaki, Sanchesning tarkibga qo‘shilishi murabbiyga xalaqit bergandek bo‘ldi. Aslida Sanches Marsiyal yoki Lingarddan birining zaxirada qolishi evaziga maydonga tushishi maqsadga muvofiqroq bo‘lardi, ammo Mourino yaxshi sport formasida bo‘lgan bu ikki futbolchidan birini zaxirada o‘tkazish, go‘yoki Sanchesning kelishi bilan bog‘langan holda tushunilishini istamadi chog‘i. Natijada, «Tottenhem»dek kuchlim raqibga qarshi 4 hujumkor futbolchi tushirildi, markaz Pogba va Matichga qolib ketdi. Bunday ochiq zonadan «Byornli» ham juda yaxshi foydalangan, ammo vaziyatlarni golga aylantira olmagandi.

Uy uchrashuvlarida «MYu»ning kechagiga o‘xshash tarkibda hali ko‘p ko‘rsak kerak, lekin masalan, Chempionlar Ligasida yoki kuchliroq raqibga qarshi Mourino bu xatoni yana takrorlamasligi shubhasiz.

«O‘XShAMAGAN» DeBYuTLAR

Foto: Twitter

30-31 yanvar kunlari tur o‘yinlari bo‘lib o‘tishi Antonio Kontega yoqmadi. Transfer bozori aynan qizigan paytda mavhumlik holatida bo‘lgan ba'zi futbolchilar va jamoalar uchun juda noqulay bo‘ladi, murabbiyning aytishicha. 

«Bornmut» «Stemford Brij»da «Chelsi» darvozasiga 3ta javobsiz gol urdi va o‘nlikka kirdi. Holbuki, Eddi Hau shogirdlari bir oy muqaddam turnir jadvalida «xavfli hudud»da edi. «Chelsi» bu o‘yinni qutqara olmasdi, chunki na maydonda, na zaxirada nominal hujumchi bor edi. Jamoaning yangi hujumchisi Jiru zaxira o‘rindig‘ida o‘tirdi, u zayavkaga kiritilmagandi. Fransiyalik bu futbolchi amalda bu mag‘lubiyatda aybdor emas. Amalda Jiru 1 tur doirasida o‘z jamoasining ikki mag‘lubiyatiga guvoh bo‘ldi: seshanba kuni uning jamoasi «Arsenal» «Suonsi»ga 1:3 hisobida yutqazgandi, chorshanba kuni esa «Chelsi» «Bortnmut»ga 0:3 hisobida.

25-tur bir qator futbolchilarning yangi jamoadagi debyutlari bilan yodda qoldi va aytish kerakki, aksariyat hollarda omadsiz bo‘ldi.

Genrix Mxitaryandan boshlaymiz.

Foto: Premer liga

«Suonsi»dagi hisob 1:1 bo‘lib turganida armanistonlik futbolchi zaxiradan maydonga tushirildi va oradan 40 soniya o‘tmasdan, mezbonlar hisobda oldinga chiqib olishdi. O‘yin oxirigacha uelsliklar uchinchi golni ham urib, Mxitaryanni yaqinda nishonlangan tug‘ilgan kuni bilan «tabriklashdi».

Aleksis Sanchesning yangi libosdagi ilk soniyalari undan-da dahshatli kechdi.

Foto: Sky Sports

«Yovil»ga qarshi o‘yinda ilk o‘yinini o‘tkazib, hatto goli pas muallifi bo‘lgan chililik hujumchining APL doirasidagi debyutining 11-soniyasi raqibning goli bilan nihoyalandi. Sanches bu o‘yinda butunlay boshqa jamoadoshlar bilan o‘ynaganini ta'kidlash joiz, «Yovil»ga qarshi maydonga tushgan tarkibdan faqat Sanches qolgandi, boshqa 10 futbolchi almashtirilgandi.

Yana bir debyutant – Ross Barkli.

Foto: Sky Sports

Yarim himoyachi Angliya kubogi va Liga kubogi o‘yinlarida maydonga tushgan. «Bornmut»ga qarshi o‘yin uning «Chelsi» libosida APLdagi ilk o‘yini edi. Mehmonlar hisobni 2:0ga yetkazishgach, Konte uni almashtirib yubordi. Barkli jamoa tarkibida eng past baho olgan ikki futbolchidan biri bo‘ldi.

Aytgancha, avvalgi turda «Liverpul» safida APLdagi ilk o‘yinida maydonga tushgan dunyoning eng qimmatbaho himoyachisi Virjiyl van Deyk ham mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Kecha Yurgen Klopp uni asosiy tarkibda tushirmadi.

Shu kuni ilk o‘yinini o‘tkazgan futbolchilar orasida «Manchester Siti»ga atigi 2 kun oldin qo‘shilib, asosiy tarkibda tushgan Emerik Laportni maqtab qo‘yish kerak. Uning jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozondi va birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. Kiroyi debyut...

Endi, Obemeyang, Jiru va Mouraning debyutini kutib qolamiz.     

XUSh KeLIBSAN, TeO

Foto: Premer liga

«Arsenal»dan «Everton»ga o‘tgan Teo Uolkott esa ilk o‘yinlardayoq jamoani o‘z ortidan ergashtirishni boshlab yubordi.

O‘tgan turda ilk bor ko‘k libosni kiygan futbolchi «Vest Bromvich» darvozasiga urilgan yagona golga assisentlik qilgandi. «Lester»ga qarshi 25-tur o‘yinida esa, uning ikki goli «Everton»ga g‘alaba olib keldi.

Ellardays shogirdlari oxirgi g‘alabaga bundan qirq kun muqaddam erishgandi. Nihoyat 8 o‘yinlik g‘alabasiz seriyaga chek qo‘yildi.

«Siti» «MYu»dan 15 ochko oldinda

Foto: Premer liga

«MYu» yutqazdi, qo‘shnisi yutdi. Demak, «Manchester Siti» oradagi farqni 15 ochkoga yetkazdi. «Shaharliklar» «Vest Bromvich»ni osonlik bilan yengdi va bu mavsumda urgan gollari sonini 100taga yetkazdi – bu Angliyadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu o‘yinda Laport – 57 million funt evaziga «Atletik»dan xarid qilingan bask himoyachisi debyut qildi, uning debyuti juda omadli keldi. «Biz unga ko‘p to‘laganimiz haqida gapirishmoqda. Ammo u hali o‘zini arzonroqqa olganimizni isbotlar», – dedi o‘yindan keyin Pep Gvardiola.

HAFTA VOQeASI

Foto: Reuters

Shundoq ham juda ko‘p gapirilgan transferlardan tashqari, Riyoz Mahrez bilan bo‘lgan voqea davomida janjalli tusga aylanib ketishi ham mumkin.

Leroy Sanening jarohati va uzoq muddatga safdan chiqishi Pep Gvardiolani rejalashtirilmagan transferga undadi va «Manchester Siti» e'tibori «Lester» yarim himoyachisi Riyoz Mahrezga qaratildi. Manchesterliklar jazoirlik o‘yinchi uchun 3 marta taklif yubordilar va hatto futbolchining transfer qiymati 65 million funtgacha ko‘tarildi. Ammo «Lester» o‘z yetakchisini yanada balandroq baholadi (95 million funt) va «Siti» bu transferdan voz kechishga qaror qildi.

Mirror tarqatayotgan xabarlarga qaraganda, jarayonning bunday tus olishi Mahrezga umuman yoqmagan va qattiq jahli chiqqan. Riyoz «Lester»ning uni qo‘yib yubormaganidan noroziligini oshkora namoyoi qilmoqchi va hatto bundan keyin «Lester» libosida umuman maydonga tushishni istamayapti.

Tur o‘yinlari

«Suonsi» - «Arsenal» - 3:1 (1:1).
Gollar: Monreal, 33 (0:1). Klukas, 34 (1:1). Ayyu, 61 (2:1). Klukas, 86 (3:1). 
«Haddersfild» - «Liverpul» - 0:3 (0:2).
Gollar: Emre Jan, 26 (0:1). Robertu Firminu, 45+1 (0:2). Saloh, 78 - penalti (0:3).
«Vest Hem» - «Kristal Pelas» - 1:1 (1:1).
Gollar: Benteke, 24 (0:1). Nobl, 43 - penalti (1:1).
«Manchester Siti» - «Vest Bromvich» - 3:0 (1:0).
Gollar: Fernandinyu, 19 (1:0). De Breyne, 68 (2:0). Aguero, 89 (3:0).
«Stouk Siti» - «Uotford» - 0:0.
«Tottenhem» - «Manchester Yunayted» - 2:0 (2:0).
Gollar: Eriksen, 1 (1:0). Jouns, 28 - avtogol (2:0).
«Everton» – «Lester» – 2:1 (2:0).
Gollar: Uolkott, 25 (1:0). Uolkott, 39 (2:0). Vardi, 71 – penalti (2:1).
«Nyukasl» – «Byornli» – 1:1 (0:0).
Gollar: Laskelles, 65 (1:0). Darlou, 85 - avtogol (1:1).
Aniq ijro etilmagan penalti: Xoselu (N), 34 (darvozabon).
«Sauthempton» – «Brayton» – 1:1 (0:1).
Gollar: Marrey, 14 – penalti (0:1). J.Stivens, 64 (1:1).
«Chelsi» - «Bornmut» - 0:3 (0:0).
Gollar: Uilson, 51 (0:1). Stanislas, 64 (0:2). Ake, 67 (0:3).

Turnir jadvali

Foto: Premer liga
Қаҳрамон Асланов
Tayyorlagan Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid